Mahmudxo‘ja Behbudiyga qilingan aholi murojaatlari (+video)
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida buyuk ma’rifatparvar, yozuvchi, publitsist, dramaturg va jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar batafsil yoritiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullandi. Gazeta va jurnallar orqali jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib bordi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o‘rganib islom tarixi va nazariyasini bilan shug‘ullandi. U 1899 yilda hajga bordi va muftiy unvoniga ega bo‘lib qaytdi. Haj bahonasida Misr va Istanbul shaharlarida bo‘ldi. Bu yerda davom etayotgan islohotlar so‘zsiz uning dunyoqarashida burilish yasadi. So‘ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, Yevropa madaniyati bilan ham qiziqdi. O‘sha davrda Qozon va Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jurnal va gazetalar bilan hamkorlik qildi. Uning qator maqolalari ham mazkur nashrlarda chiqa boshladi. Maktab, maorif va madaniyat masalalari hamda ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘iboti ushbu maqolalarning markazida turdi.
Xususan, qrim tatar allomasi Ismoil Gaspirali (Gasperinskiy) va u bosh muharrir bo‘lgan “Tarjumon” gazetasi M.Behbudiyni buyuk ma’rifatchi va o‘zbek milliy jadidchilik yo‘nalishining otasi darajasiga ko‘tardi. Behbudiy dunyoqarashida Rossiyadagi eng nufuzli bo‘lgan kadetlar partiyasi a’zolari bilan uchrashuv va ular harakatnomalarining ta’siri ham katta bo‘lgan.
U 1914 yilda yana Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalarini olib keladi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq, u turli to‘siqlarga uchrab “jadidlar rahnamosi”, “dahriy” deb e’lon qilinadi. Shunga qaramay u tatar mutaffakiri Ismoil Gaspiralining ma’rifatchilik borasidagi ta’limotini qo‘llab quvvatlab, o‘z o‘lkasiga ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi va ko‘p o‘tmay ma’rifatparvar sifatida o‘z xalqi hurmatiga sazovor bo‘ladi. U bir qator Sharq va G‘arb tillari bilan yuksak madaniyat sohibi bo‘lishi bilan birga, umuminsoniy madaniyatning tolmas targ‘ibotchisi ham bo‘lgan.
Batafsil:
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aiIBCKsnktU" title="Mahmudxo`ja Behbudiyga qilingan aholi murojaatlari " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA