
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Xumdon qishlog‘ida yashovchi Mahliyo Yo‘ldosheva ham ko‘pchilik qatori sog‘lom holatda maktabga bordi. U o‘zining harakatchanligi, o‘qishga bo‘lgan tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi bilan hammadan ajralib turardi.
Ammo taqdir taqozosi bilan 15 yoshidan boshlab bedavo dardga yo‘liqib, tana a’zolari harakatdan to‘xtay boshladi. Dastlab tanasining beldan pastki qismi falaj bo‘lib, maktabga ham qatnay olmay qoldi. Fidoyi ustozlar ko‘magida ta’limni uyda o‘tirgan holda davom ettirdi.
– Kutilmaganda tana a’zolarim ishlamay qolib, do‘stlarim davrasidan ajralib qolganimda, qattiq tushkunlikka tushganman, – deydi Mahliyo Yo‘ldosheva. – Ko‘p siqildim, yolg‘iz qolib zerikishni boshladim. Sog‘lom bo‘lib yurgan kezlarim to‘quvchilikka qiziqardim. O‘tirib qolgach, shu hunar bilan shug‘ullana boshladim. Chunki vaqtim juda ko‘p edi. Kun uzog‘i bir joyda qimirlamasdan o‘tirardim. Kasalligim esa zo‘rayib ketaverdi. 23 yoshimda butun tanam harakatdan to‘xtadi. Faqatgina barmoqlarim ishlardi. Bu juda og‘ir zarba bo‘ldi menga. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmadim. Oila a’zolarimning ko‘magida to‘quvchilik hunari bilan shug‘ullana boshladim.
Taqdir kutilmagan tasodiflarga boy. Mahliyoning to‘quvchilik borasida erishayotgan natijalari dastlab Yoshlar ittifoqining e’tiboriga tushdi. Mutasaddi tashkilotlar bilan kelishgan holda unga qishloqdagi 70-maktabdan alohida xona va sharoit qilib berildi. To‘quvchilik hunari sirlarini o‘quvchi qizlarga erinmasdan o‘rgata boshladi. Mahsulotlari bilan ko‘rgazmalarda qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
– Mahliyo bir necha yildan buyon maktabimizda to‘quvchilik to‘garagi faoliyatini olib bormoqda, – deydi G‘uzor tumanidagi 70-maktab direktori Baxriddin Meliqulov. – Davlatimiz rahbarining har bir o‘quvchi maktabni ikkita hunar, bitta til o‘rgangan holda bitirishi lozim, degan da’vatlariga mos ravishda o‘quvchi qizlarimizga to‘quvchilik hunarini mahorat bilan o‘rgatib kelmoqda. Unga maktabimizda ishlashi uchun alohida xona va shart-sharoitlarni qilib berganmiz. To‘garak ochilgan dastlabki yillarda faqatgina o‘quvchilar ishtirok etgan bo‘lsa, hozirgi kunda qishloqdagi ishsiz xotin-qizlar ham unga shogird tushib to‘quvchilik hunarini o‘rganmoqda.
Kursiga mixlanib qolgan harakatsiz tana. Lekin jo‘sh o‘rib turgan otashin yurak va orzu umidlarga to‘la xayollar hamisha uni yangiliklar sari yetaklaydi. Sehrli barmoqlari ko‘magida san’at asariga teng mahsulotlarni yaratadi.
– Inson hech qayerga chiqmasa ham, harakatsiz bo‘lib qolsa ham qo‘lidan nimalardir kelishini isbotlashga urindim, – deydi Mahliyo. – Opamning qizlari menga hamma ishimda ko‘makchi. Uni qizim deyman, shodligimu qayg‘umga doim sherik. U ikkinchi sinfligida yura olmay qolganman. Murg‘ak qalbi bilan to shu kungacha bir daqiqaga bo‘lsin meni yolg‘iz qoldirmadi. Buning uchun yaratganga shukrona keltiraman. Bedavo dardga uchraganimdan buyon olgan har bir nafasimda hukumatning ko‘magini doim his qilib yashadim. 2019 yil Sho‘rtan kimyo majmuasida kasanachi bo‘lib ishga olindim. Shu yilning o‘zida tumandagi yoshlar markazida to‘garak rahbari sifatida ishga qabul qilindim. Bular menga kuchli motivatsiya berdi. Faoliyatimni kengaytirishga imkon yaratdi. Shu kunga qadar 300 nafarga yaqin shogird tayyorladim va ularning ko‘pchiligi hozirda mustaqil to‘quvchilik hunarini davom ettirmoqda. Endigi maqsadim, faoliyatimni yanada kengaytirib, ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash.
Ha, shunday insonlar borki, ular osmonga qarab hukumatning nimadir berishini kutmaydi. Ozgina dalda va yo‘nalish berilsa bas, qolganini o‘zi davom ettirib ketadi. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay Mahliyo Yo‘ldosheva mana shunday harakatchan qizlardan biri.
– Davlatimiz rahbarining biz xotin-qizlarga berayotgan e’tiboridan, yaratib berilayotgan imtiyozlardan judayam xursandmiz, – deydi G‘uzor tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nasiba Muhiddinova. – Mana shu e’tiborning natijasi mana bugun Mahliyo misolida yaqqol ko‘rinib turibdi. U imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan sog‘lom ishsiz xotin-qizlar qila olmayotgan ishlarni bajaryapti. 300 nafardan ortiq shogird yetishtirdi. Yon-atrofidagi ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashyapti. Uni har bir xotin-qizga namuna qilib ko‘rsatsak arziydi. Chunki uning o‘z ustida tinimsiz ishlashi, yangiliklarga intiluvchanligi, to‘quvchilik sirlarining yangi ko‘rinishlarini o‘ylab topib, o‘rgatayotgani bu juda katta saboq bo‘ladi. Buning uchun katta iste’dod, iqtidor, mahorat kerak. Mahliyo doim bizning e’tiborimizda bo‘lgan. Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan imtiyozlarning hech biridan chetda qolgani yo‘q. “Ayollar daftari”ga kiritib, unga doimiy ravishda moddiy va tibbiy yordamlar ko‘rsatib kelinadi. Bundan tashqari, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” tomonidan 4 xonali zamonaviy barcha qulayliklarga ega uy qurib berildi. O‘ziga alohida sharoit yaratildi.
[gallery-22233]
Darhaqiqat, yurtimizda qilingan mehnat hech bir mahal e’tiborsiz qoldirilmagan. Kuni kecha 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Mahliyo Yo‘ldosheva ham ko‘pchilik fidoyi xotin-qizlar qatorida shaxsan davlatimiz rahbarining qo‘llaridan “Shuhrat” medalini qabul qilib oldi. Mahliyo Prezident bilan yuzma-yuz muloqotni eslar ekan hali hamon hayajonini yashira olmaydi.
– Bu tadbirga borishimga tuman va viloyat mutasaddilari yaqindan yordam berdi, – deydi qahramonimiz. – Borlariga shukr. Imkoniyatim cheklanganiga qaramasdan Prezidentim bilan ko‘rishishni, tashakkurlarimni yuzma-yuz aytishni doim orzu qilib yashadim. Nihoyat orzularim ushaldi. Yurtboshimiz bilan uchrashdim. Prezidentim “Mahliyo qizim, matonatli qizim, Qashqadaryoning faxri bo‘lding sen”, degan so‘zlari quloqlarim ostidan ketmaydi. “Men sendan hali ulkan ishlarni kutaman” dedi. U kishining hamma gaplari menga katta kuch bag‘ishladi va hurmat ko‘rsatib, aravachamni o‘zlari surib, joyimga olib borib qo‘ygani bir umrga xotiramga muhrlanib qoldi.
Darhaqiqat, e’tibor va e’tirofga munosib, iqtidor va salohiyatga ega yoshlar yurtimizda talaygina. Ularning fidoyilik bilan qilgan mehnatlari hamisha e’tiborda. Bunga Mahliyo Yo‘ldoshevaning faoliyati yaqqol misol.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari