Mahalliy Kengashlar faoliyati tubdan o‘zgarmoqda
Xo‘sh, Namanganda mahalliy Kengashlar faoliyatida yangicha tizim, yangicha ishlab uslubida nimalar o‘zgardi? Bugun Kengashlar tom ma’noda, “Xalq Kengashi”, “Xalq uyi”ga aylandimi? Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi, deputat, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov bilan uyushtirilgan intervyu-suhbatimiz ayni shu mavzuda bo‘ldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va ma’muriy islohotlar mahalliy Kengashlarning maqomini tubdan o‘zgartirdi.
Agar ilgari Kengashlar ko‘proq qarorlarni tasdiqlovchi organ sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun ular ijro hokimiyati ustidan haqiqiy nazoratni amalga oshiruvchi, aholi manfaatlarini bevosita himoya qiluvchi institut darajasiga ko‘tarildi.
Mahalliy davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi bosqich boshlandi. Bu faqatgina tashkiliy o‘zgarish emas, balki mahalliy davlat boshqaruvini tashkil etishning yangilanishi demakdir.
– Yangilangan Konstitutsiyamizda mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilanganligidan kelib chiqib, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini ro‘yobga chiqarish, O‘zbekiston 2030 strategiyasida belgilangan “mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam “ovoziga” aylantirish vazifasini ijro etish maqsadida, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi, – deydi suhbatdoshimiz Solijon Mo‘minov. – Ushbu tartib 2024-yil saylovlari yakunlariga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahrida, 2026-yil 1-yanvardan barcha tuman va shaharlarda joriy etildi. Mazkur jarayonga birdan kirib kelingani yo‘q. Bu puxta o‘ylangan, konstitutsiyaviy asoslangan, bosqichma-bosqich amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomalarida xam vakillik organlari rahbarlariga katta vazifalar belgilab berildi. Bu biz deputatlarga bildirilgan yuksak ishonch namunasidir.
Kengashlar faoliyatini rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 23-iyuldagi “O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonlari va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi.
Mazkur hujjatlarga asosan, ijro hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan 37 ta vakolat mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Xisobot va axborot eshitishga oid ish yuklamasi 134 tadan 45 taga yoki 66 foizga maqbullashtirildi. Shuningdek, Kengashlar faoliyatini tartibga solish yuzasidan Senat tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan 30 ga yaqin qarorlar qabul qilindi.

– Solijon Jalilovich, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida o‘tkazilayotgan sessiyalar va ularda ko‘rib chiqilayotgan masalalar, qabul qilinayotgan qarorlarda mazmun, sifat, samaradorlik ko‘zga tashlanyaptimi?
– Bugungi kunda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi hamda 14 shahar va tuman Kengashi faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 400 nafar deputatlik o‘rni bo‘lib, hozirda Kengashlarda jami 396 nafar deputat o‘z ishlarini olib borishmoqda. Shundan 285 nafari erkak, 111 nafari esa ayollardir.
2026-yilning yanvar-avgust oylari mobaynida viloyat, shahar va tuman Kengashlari tomonidan deputatlik nazoratini rasmiyatchilikdan amaliy natijaga o‘tkazish, mahalliy byudjet va davlat dasturlari ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, har bir deputatni o‘z saylov okrugida aholining ishonchli vakiliga aylantirish, Kengashlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va raqamlashtirishni ta’minlash maqsadida bir qator amaliy ishlar qilinganini e’tirof etish joiz.
Mahalliy Kengashlar faoliyatiga baho berishda, avvalo, qabul qilingan qarorlar soniga emas, balki ushbu qarorlarning hududlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday amaliy natija berayotganiga e’tibor qaratish muhim.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalliy Kengashlarda 116 ta sessiya o‘tkazilib, ularda jami 1122 ta masala muhokama etilgan, tegishli qarorlar qabul qilingan. E’tiborli jihati shundaki, ushbu qarorlarning har biri aniq ijrochi, aniq ijro muddati va aniq natija indikatorlari belgilangan holda qabul etilmoqda.
Boshqacha aytganda, mahalliy Kengashlar faoliyatida tavsiyaviy xarakterdagi qarorlardan aniq vazifa, mas’ul ijrochi, muddat va natijaga qaratilgan qarorlar qabul qilish amaliyotiga to‘liq o‘tilmoqda. Bu esa qabul etilayotgan qarorlar ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini ta’minlash, mas’uliyatni oshirish hamda aholi uchun amaliy natijalarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu masalalar davlat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitish, nazorat-tahlil tadbirlari natijalarini ko‘rib chiqish, hududlarni rivojlantirish dasturlari, bosh rejalar, mahalliy byudjet, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar miqdorlarini belgilash, infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni belgilash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi. Eng muhimi, bu qarorlar amaliyotda, fuqarolarning xayotiga ijobiy tasir etishda o‘z aksini topmoqda.
Masalan, Namangan shahrida Sardoba bozori hududida zamonaviy yer usti piyodalar yo‘lagi – ko‘prik qurilishi uchun mablag‘lar ajratildi. Shuningdek, Mingbuloq tumanidagi Alami va O‘rta qishloq, Namangan tumanidagi Bog‘ va Qaykavus, Kosonsoy tumanidagi O‘rta qishloq va Bog‘, Uychi tumanidagi Keskanyor mahallarida ichimlik suvi tizimini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha ham Kengash qarorlarining amaliy ahamiyatini ko‘rishimiz mumkin. 2026-yilda “drayver” loyihalar dasturi doirasida Namangan viloyatida yo‘l ishlari uchun 39,563 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Birgina Chust tumanining Yangi bog‘ishamol mahallasidagi Binokor ko‘chasi va Sabzazor mahallasidagi Yangiyer ko‘chasini xizmat ko‘rsatish va servis ko‘chasiga aylantirish maqsadida 1,2 kilometr yo‘l va 2,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etilmoqda.
Bu o‘rinda, deputatlik korpusining vazifasi faqat mablag‘ ajratish bilan cheklanmasligini alohida ta’kidlash lozim. Deputatlar ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, belgilangan ob’ektlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, eng muhimi, ushbu ishlar aholi uchun qanday natija berayotganini nazorat qilib borishmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Kengash qarorlari va deputatlik nazorati bir-birini to‘ldiruvchi muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbarining 2025-yil 8-oktabrdagi tegishli qarori asosida Kosonsoy va Norin tumanlarida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir.
Yana bir muhim yo‘nalish – og‘ir toifadagi mahallalarni rivojlantirish bo‘lib, Yurtboshimizning 2026-yil 5-fevraldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida masala xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqilib, 2026-yil 18-fevralda tasdiqlangan qarorga ko‘ra, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar asosida 10 tumandan 42 og‘ir toifadagi mahalla tanlab olindi.
Ushbu mahallalarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun manzilli dastur shakllantirilib, respublika byudjetidan 84 milliard so‘m, mahalliy byudjetdan 42 milliard so‘m mablag‘ tegishli Kengash qarorlari asosida yo‘naltirilmoqda.
Erkin qoldiq mablag‘lari doirasida ham ajratilgan mablag‘lar doirasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Kosonsoy tumanidagi markaziy uy-joy binolari va inshootlarini rekonstruksiya qilish, Namangan shahrining G‘irvon mahallasi hududida 200 qatnovli oilaviy poliklinika qurish, Davlatobod tumanidagi tennis korti binolarini ta’mirlash, shuningdek, Mingbuloq tumanidagi 120 o‘rinli ikkinchi viloyat ftiziatriya shifoxonasini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun ham mablag‘lar ajratildi. Bunday amaliy misollar deputatlik korpusi faoliyatida “qaror qabul qilish – mablag‘ ajratish – ijroni nazorat qilish – natijani baholash” zanjiri shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Kengash qarorlarining aholi hayotidagi ahamiyatini yana bir muhim yorqin misoli sifatida, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi doirasida xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining tegishli qarorlari asosida o‘tkazilgan 15 sessiyada 13 mingdan ziyod fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlari e’tirof etildi.
Binobarin, mahalliy Kengashlar qarorlari hududlarni rivojlantirish, byudjet mablag‘larini aholi manfaatiga yo‘naltirish va deputatlik nazoratini kuchaytirishning muhim vositasiga aylanmoqda.
– Deputatlik nazoratining eng ta’sirchan vositalaridan biri – deputatlik so‘rovidir. Bu borada namanganlik xalq noiblarining ishida qanday ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda?
– Fikringizga qo‘shilaman, deputatlik faoliyatining asosiy mezoni – qabul qilingan qarorlar soni emas, balki ularning odamlar hayotida qanday o‘zgarish bergani bilan o‘lchanadi.
Joriy yilning o‘tgan sakkiz mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan jami 1018 ta so‘rov kiritildi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich atigi 304 tani tashkil etgan edi — ya’ni, o‘sish uch barobardan ortiq teng.
Bunday o‘sish zamirida eng avvalo, deputatlar uchun so‘rov kiritishning elektron tartibi joriy etilganidir. Bu borada Oliy Majlis Senati hamda mahalliy Kengash kotibiyatlari tomonidan deputatlar bilan ushbu tizimdan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan seminarlar va tushuntirish ishlari ham katta turtki bo‘ldi.
Endilikda deputat o‘z so‘rovini tashkilotga qog‘oz shaklida yetkazib berishi shart emas: barcha so‘rovlar “Ye-Kengash” elektron tizimi orqali bevosita mas’ul tashkilotning o‘ziga yetib boradi. Ayni paytda deputat so‘rov ijrosining javobini va natijasini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa ortiqcha rasmiyatchilik to‘siqlarini bartaraf etdi.
Qolaversa, noiblar o‘z so‘rovi amalda natija berayotganini ko‘rdi. Deputat so‘rovlari tufayli yo‘l infratuzilmasi, kommunal xizmatlar, ichimlik suvi va elektr ta’minoti, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyati, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlardagi muammolar ijobiy hal etilmoqda.

So‘rovlarning ijrosi nafaqat Kengashlar, balki viloyat hokimi hamda tuman va shahar hokimlarining ham doimiy nazoratida. So‘rovlar natijalari hokimlik soatlari va apparat yig‘ilishlarida muntazam muhokama qilib borilib, imkon qadar ijobiy yechim topmoqda.
Masalan, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Rahmonjon Egamberdiyev tomonidan Chortoq tumani 50-Xamid Olimjon saylov okrugi hududidagi Guldirov, Oboddiyor, Chorsu, Soy va Gulshan, Yangiqo‘rg‘on tumanining Yorilgan, Qorapolvon, Radivon va Qo‘riq mahallalari aholisi uchun ham jiddiy ekologik muammo hisoblangan Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlari chegarasida joylashgan maishiy chiqindi tashlash poligoni aholining jiddiy e’tirozi va salomatligiga salbiy ta’sir etib kelayotgan joy sifatida nom chiqargan edi.
Deputatnining tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi, “Namangan musaffo iqlim”, “Orif nurli kelajak”, “Toza hudud” shahar va tuman bo‘limlari hamda chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasiga yo‘llangan murojaatlardan so‘ng, ikki tumanning to‘qqizta mahalla aholisi e’tiroziga sabab bo‘layotgan poligonda chiqindilarni doimiy yonib yotishi bartaraf qilinib, hududdagi jiddiy ekologik muammo hal etildi.
Yoki viloyat Kengashi deputati Nargiza Muxamadiyeva faoliyatini olaylik, u Yangiqo‘rg‘on tumanining Tillatepa mahallasida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoni ko‘tardi. 2024-yilda boshlangan tarmoq tortish ishlari to‘xtab qolgani sababli, ayrim xonadonlar uzoq vaqt suv tarmog‘iga ulanmay qolgan edi. Deputatlik so‘rovidan so‘ng, mas’ul tashkilotlar tomonidan ishlar yakunlanib, yuzlab xonadonlar markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi.

Yana bir amaliy misol, viloyat Kengashi deputati, siyosiy fanlar doktori, professor Narimon Dehqonovning deputatlik so‘rovi ham yaxshi natija berdi. Uning Chust tumani hududidan o‘tuvchi D-114 avtomobil yo‘lidagi muammolar yuzasidan kiritgan so‘rovi asosida bir nechta mahallalarda yo‘l qoplamalari ta’mirlandi, eski yo‘l belgilari yangilandi va mahallalar kirish-chiqish qismlariga videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Shuningdek, Iftixor mahallasi aholisi murojaati asosida bankomat o‘rnatilishi ham ta’minlandi.
Keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, deputatlik so‘rovi – oddiy rasmiy hujjat emas, u aholi murojaatini aniq vazifaga, vazifani esa amaliy natijaga aylantiradigan vositaga aylandi. Eng asosiysi, so‘rovlarning har biri ortida insonning hayoti, oilasi yoki butun bir mahallaning muammosi turibdi. Shu ma’noda, deputatlik so‘rovi – deputat bilan aholi o‘rtasidagi amaliy ko‘prik, Kengash bilan ijro organlari o‘rtasidagi ta’sirchan nazorat mexanizmi va eng muhimi, muammodan yechimga olib boruvchi vositadir. Shu o‘rinda, noiblar faoliyatida aholi murojaatlarini o‘rganish hamda deputatlik so‘rovlari bilan bir qatorda, ularning o‘z tashabbusi, homiyligi va bevosita ishtiroki asosida hududlarda amaliy ishlarga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish joiz. Masalan, 46-To‘da saylov okrugidan deputat Rasuljon To‘ychiyev tashabbusi bilan Norin tumanining Soybo‘yi mahalasida joylashgan Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotira xiyobonining 265 kvadrat metr maydoni homiylar ko‘magida betonlashtirilib, obodonlashtirildi. Uning tashabbusi va mahalla faollari hamda aholi homiyligi asosida Norinkapa mahallasida xavfli chorrahaga svetofor, kuzatuv kameralari va piyodalar o‘tish yo‘laklari o‘rnatildi.

Bunday tashabbuslar jamoat transporti masalasida ham o‘z samarasini bermoqda. Viloyat Kengashi deputati Ahmadjon Fozilovning bevosita ishtiroki bilan Yangi Namangan tumanidagi Boborahim Mashrab nomli va Mingchinor mahallalarida bir yildan ziyod vaqt davomida to‘xtab qolgan avtobuslar qatnovi qayta yo‘lga qo‘yildi.
Chortoq tumanida esa viloyat Kengashi deputati, tadbirkor Bahodir Abdurahimov tashabbusi va homiyligida Nurafshon va Istiqlol mahallalarini bog‘lab turuvchi, ko‘p yillardan beri eskirib qolgan ko‘prik yangidan qurilib, axoliga foydalanishga topshirildi.
23-Taraqqiyot saylov okrugidan deputat Zokirjon Xo‘jayev tashabbusi bilan Namangan shahridagi Obod mahallasida qariyb bir kilometr ta’mirtalab yo‘l shag‘allashtirildi.
1-Markaziy Pop saylov okrugi deputat Sabohon Muysinaliyeva tashabbusi va xomiylarni jalb etgan qolda Pop tumani Kelachi mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga homiylar ko‘magi asosida ikki xonali kvartira tuhfa qilindi.
Bunday tashabbuslar shuni ko‘rsatmoqdaki, deputatlar o‘z vakolatlari doirasida davlat organlariga taklif va so‘rovlar kiritish asnosida, hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash, aholi xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida ham shaxsiy tashabbus bilan amaliy ishlarga hissa qo‘shishmoqda.
– Mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan doimiy komissiyalar faoliyati xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bugungi kunda viloyat, tuman va shahar Kengashlarida jami 77 ta doimiy komissiya faoliyat yuritmoqda. Ular mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar; xorijiy investitsiyalar va turizm; korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik; fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash; yoshlar siyosati, madaniyat va sport; agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya hamda reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha yettita yo‘nalishda tashkil qilingan. Mazkur tuzilma har bir soha deputatlik nazorati doirasidan chetda qolmasligini ta’minlagan. Bunda eng avvalo, har bir doimiy komissiyaga o‘z yo‘nalishiga oid tegishli qonunlar, Prezident farmon va qarorlari hamda hukumat qarorlari biriktirildi. Shu orqali komissiyalar deputatlik o‘rganishlari xisobotlarni eshitishda umumiy masalalar bilan emas, balki aniq soha va aniq hujjatlar ijrosi bilan tizimli deputatlik nazoartini olib borish imkoniga ega bo‘lishdi. Natijada, har bir komissiya o‘ziga biriktirilgan hujjatlar ijrosini muntazam o‘rganib, uning natijalari yuzasidan xulosa va takliflar tayyorlab bormoqda.

Qolaversa, sessiyaga kiritiladigan barcha masalalar, istisnosiz, oldindan doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida muhokamadan o‘tkazilmoqda. Komissiya xulosasisiz birorta ham masala sessiya kun tartibiga kiritilmaydi. Ushbu tartib masalalarning puxta tayyorlangan, chuqur o‘rganilgan holda ko‘rilishini ta’minladi va deputatlarning qaror qabul qilishdagi mas’uliyatini oshirdi.
Shuningdek, har bir ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha deputatlik nazoratini ta’minlash maqsadida masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bunda doimiy komissiya a’zolari va deputatlar tegishli soha ob’ektlariga bevosita chiqishib, hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlarni amaldagi holat bilan solishtirishadi, mavjud muammolarni o‘rganishadi hamda aholi va soha xodimlarining fikr-mulohazalarini eshitishadi. Bu orqali muammoning asl sabablari joyida aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq va amaliy takliflar ishlab chiqilmoqda. Masalan, viloyat tibbiyot birlashmasi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni sessiyada eshitishdan oldin tibbiyot muassasalarining faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Namangan shahrida viloyat Kengashi deputati Nosirbek Abdullaxonov tomonidan 14-oilaviy poliklinika, viloyat Kengashi deputati Ilhomjon Otaboyev tarafidan Namangan shahri tibbiyot birlashmasi faoliyati atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida viloyat Kengashi deputati Nargiza Muhammadiyeva tomonidan 59-sonli oilaviy poliklinika, Yangi Namangan tumanida Kengash kotibiyati mudiri Tal’at G‘afforov va viloyat Kengashi deputati Muhammadjon Alixonov ishtirokida tuman tibbiyot birlashmasi faoliyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Ushbu o‘rganishlar natijasida tibbiyot sohasidagi yutuq va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Masalalar keyinchalik doimiy komissiya yig‘ilishlarida batafsil muhokama qilinib, mas’ul rahbarlarning axborotlari eshitilmoqda va aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilanmoqda.
E’tiborlisi, masala avval joyida o‘rganilib, keyin komissiyada muhokama qilinmoqda va shundan so‘nggina sessiya kun tartibiga kiritilmoqda. Bu esa Kengash qarorlarining asoslanganligi, amaliy natijadorligi va deputatlik nazoratining ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bunday yondashuv doimiy komissiyalarni rasmiy tuzilmadan haqiqiy ishchi organga aylantirmoqda, qabul qilinayotgan qarorlarning asosliligi va hayotiyligini ta’minlamoqda.
– Deputatlarning qonunchilik yo‘nalishi hamda davlat dasturlari ijrosini o‘rganishi bo‘yicha faoliyati qanday samara bermoqda?
– Qayd etish joiz, joriy yilning o‘zida mahalliy Kengashlarda 201 ta qonun loyihasi muhokama qilindi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich atigi 53 tani tashkil etgan edi – ya’ni, muhokama qilingan qonun loyihalari soni qariyb to‘rt barobarga ortdi. Shuningdek, qonunlar targ‘iboti hamda ularning ijrosini o‘rganish bo‘yicha 515 ta tadbir o‘tkazildi.
Bu ishlar Oliy Majlis Senati bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorlik asosida olib borilmoqda. Mahalliy Kengash deputatlari Senatning yalpi majlislarida hamda qo‘mitalar yig‘ilishlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Bu orqali, bir tomondan, joylardagi real vaziyat va aholi muammolari bevosita qonun ijodkorligi jarayoniga yetkazilmoqda; qolaversa, deputatlar qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini va ulardan ko‘zlangan maqsadni manbadan bilib, o‘z hududida to‘g‘ri tushuntirish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Raqamlar ortida muhim bir o‘zgarish turibdi: mahalliy Kengashlar endi faqat joylardagi masalalar bilan cheklanmay, qonunlar ijrosi ustidan olib boriladigan parlament nazoratining to‘laqonli ishtirokchisiga aylanmoqda. Ya’ni, deputat o‘z hududidagi muammoni hal etibgina qolmay, qonunchilikning shakllanish jarayoniga va uning amaldagi ijrosiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash kerakki, mazkur yo‘nalishda hali yetarlicha foydalanilmayotgan imkoniyatlarimiz ham mavjud. Xususan, mahalliy Kengash deputatlarining qonunchilik tashabbusi bilan chiqishi, amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish borasidagi faolligimiz qoniqarli darajada emas. Joylarda aniqlangan muammolarni umumlashtirib, qonunchilikdagi bo‘shliqlar yoki amaliyotda samarasiz ishlayotgan normalar bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqishimiz zarur. Shu bois, kelgusida har bir deputat va qo‘mita o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muammoni faqat aniqlash va nazorat qilish bilan cheklanmasdan, uning huquqiy yechimini ham ishlab chiqish zarur. Aholi murojaatlari, deputatlik nazorati va joylardagi amaliy tajribani qonunchilikni takomillashtirish uchun muhim manbaga aylantirib, parlament, tegishli vazirlik va idoralarga aniq va asoslangan takliflar kiritish amaliyotini kuchaytirish vazifasini belgilab olganmiz.
Hududlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ijrosini nazorat qilish maqsadida Prezident hujjatlari, Oliy Majlis palatalari va Hukumat qarorlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarda belgilangan chora-tadbirlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Mahallalar bilan hamkorlikda belgilangan loyihalar ijrosini samarali nazorat qilib borish maqsadida 396 nafar mahalliy Kengash deputati o‘z saylov okrugidagi 754 ta mahallaga manzilli biriktirildi. Ular tomonidan hududlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarda belgilangan 961 ga yaqin loyiha va ob’ektlarda amalga oshirilayotgan ishlar nazoratga olindi. Deputatlar tomonidan 856 ta loyiha va ob’ekt bevosita joyiga chiqib o‘rganildi.

Jumladan, Chust tumanining Toshqo‘rg‘on mahallasida joylashgan 52-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish loyihasi Kengash kotibiyati mudiri Tal’at G‘afforov hamda viloyat Kengashi deputati Narimon Dehqonov ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Bundan tashqari, Uychi tumanidagi 31-sonli hamda Kosonsoy tumanining Shayxon mahallasidagi 14-sonli umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish jarayonlari ham deputatlar va ishchi guruhlar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Umuman, amalga oshirilayotgan bu kabi o‘rganishlar tufayli loyihalarning sifati, muddati, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, qurilish ishlarining belgilangan talablarga muvofiqligi hamda aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar nazoratga olinmoqda.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli ko‘rsatma va takliflar kiritilib, ularning bartaraf etilishi keyingi o‘rganishlar va deputatlik nazorati tartibida kuzatib borilmoqda. Shu tariqa, deputatlar tomonidan dasturlarning qog‘ozdagi ijrosini emas, ularning joylardagi haqiqiy natijadorligini baholash, aniqlangan muammolarni mas’ullar oldiga qo‘yish va ularning yechimini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Xalq bilan muloqot davlat tashkilotlari faoliyatida ustuvorlik kasb etmoqda. Bu borada Kengashlar aholi bilan muloqot va muammolar yechimida ish faoliyatidan qoniqish hosil qilinyaptimi?
– So‘nggi yillarda davrida deputatlarning aholi bilan muloqotlari yanada faollashdi. Birgina shu yilning o‘zida joylarda 1 ming 306 uchrashuv va sayyor qabul tashkil etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga qaranganda 391 taga ko‘p demak. Bu deputatlarning aholi bilan bevosita muloqoti va hududlardagi muammolarni o‘rganishga bo‘lgan e’tibori sezilarli darajada oshganligini ko‘rsatadi. Bu muloqotlar davomida 1 ming 459 muammo aniqlanib, shundan 958 tasi ijobiy hal etildi, qolganlari bo‘yicha esa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilmoqda. Bu borada yana bir muhim yangilik amaliyotga joriy etildi. Endi deputatlar qabullari faqat noib ishtirokida emas, balki masalaga daxldor ijro hokimiyati organlari va mutasaddi tashkilotlarning mas’ul rahbar hamda mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Buning natijasida ko‘plab masalalar fuqaroni turli idoralarga yubormasdan, qabulning o‘zidayoq muhokama qilinib, tezkor yechim topmoqda. Boshqacha aytganda, bugungi kunda fuqaro muammosi bilan idorama-idora yurmaydi, aksincha, davlat idoralari fuqaro oldiga kelib, uning muammosini joyida hal etishga xizmat qilishi kerak.
Shuningdek, deputatlar tomonidan jami 1 ming 110 murojaat qabul qilinib, ularning 885 tasi ijobiy hal etildi. Natijada murojaatlarni hal etish darajasi 79,7 foizni tashkil etdi. Masalan, o‘zim deputat bo‘lib saylangan 22-«Barkamol avlod» saylov okrugi misolida bu yo‘nalishdagi ishlarni alohida to‘xtalsam, so‘nggi ikki yil ichida 20 dan ortiq sayyor qabul, xonadonbay va ko‘chabay o‘rganishlar o‘tkazildi. Ularda 200 dan ziyod fuqarolar qatnashib, ularning murojaat va takliflari bevosita o‘rganildi. Natijada sog‘liqni saqlash, yo‘l, elektr ta’minoti, kadastr kabi yo‘nalishlardagi 50 dan ortiq murojaat ijobiy hal etildi. Muhimi, qabullar faqat murojaatlarni eshitish bilan cheklanib qolmadi. Uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilib, ularning amaliy yechimi ta’minlandi. Jumladan, Namangan shahrining Sanoat mahallasida 11-sonli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi. Sanoat ko‘chasidagi 3,64 kilometr yo‘l to‘liq asfaltlandi, 3,8 kilometr eski ichimlik suvi quvuri yangi polietilen quvurga almashtirildi. Gulbog‘ mahallasida Yangiariq ko‘chasining ikki kilometri shag‘allashtirilib, Chortoq ko‘chasidagi ikki kilometr ta’mirtalab yo‘l asfaltlandi. Chaman mahllasidagi yangi uchastkalarda 3,8 kilometr yo‘l asfaltlandi, beshta transformator, 110 beton tayanch ustuni va tungi yoritish vositalari o‘rnatilib, 3,5 kilometr yangi elektr kabeli tortildi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlash istagidagi fuqarolarga kredit mablag‘larini olishda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Barkamol avlod mahllasining 17-Musaffo va 4-Yog‘du ko‘chalaridagi bir kilometr yo‘l betonlashtirilib, ikkita yangi transformator o‘rnatildi. 88-sonli umumta’lim maktabiga 400 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. Bunday bunyodkorlik ishlari Yakkatut, Guzar, G‘ishtko‘prik, Yangihayot, Quvonch, Yangi qurilish va Objuvoz mahallalarida ham amalga oshirildi. Xususan, yo‘llar ta’mirlandi va asfaltlandi, ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi, elektr ta’minoti yaxshilandi, yangi maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etildi.
Albatta, bu natijalar bir kunda yoki birgina murojaat bilan amalga oshgan ishlar emas. Bu – deputatning aholi bilan doimiy muloqoti, muammoni joyiga chiqib o‘rganishi, tegishli tashkilotlarga taklif va deputatlik so‘rovlarini kiritishi hamda uning ijrosini nazorat qilishi natijasidir. Chunki deputatlik faoliyatining eng muhim mezoni – qancha uchrashuv o‘tkazilgani emas, balki ana shu uchrashuvlar natijasida qancha insonning muammosi hal etilganidir.
O‘zA muxbiri Oqilxon Dadaboyev suhbatlashdi