Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar uchun imkoniyat
15-16-iyul kunlari Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida transport yo‘nalishida milliy sanoat zanjiri ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik davlat buyurtmachilari bilan bevosita bog‘lash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirishga qaratilgan ko‘rgazmaning ikkinchi kunida 1,5 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. 80 dan ortiq korxona transport sohasi uchun mo‘ljallangan mahsulotlari, butlovchi qismlari hamda texnologik yechimlarini namoyish etdi.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, davlat xaridlari orqali 10 mingdan ortiq 714 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida 90 dan ortiq memorandumlar imzolandi.
– Ko‘rgazma biz uchun juda foydali bo‘ldi, – deydi “MCITY” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Davronxo‘ja Abdulhafizov. – “Uzbekistan airports”, “Avtoyo’l” kabi yirik kompaniyalar bilan 75 milliard so‘mlik shartnomalar imzolashga muvaffaq bo‘ldik. Bundan to‘rt yil oldin “Uzbekistan airports”ga 2 million dollarlik import o‘rni bosuvchi maxsus texnikalarimizni yetkazib bergandik. O‘tgan davr mobaynida bu texnikalarimiz o‘zini oqlagani uchun ham kompaniya bu gal biz bilan 40 milliard so‘mlik memorandum imzoladi.
Ko‘rgazmaning birinchi kunida 50 dan ortiq B2B va B2G uchrashuvlari o‘tkazilib, 81 ta yangi hamkorlik memorandumlari, 490 milliard so‘mlik mahsulotlar xaridi bo‘yicha 4778 ta shartnoma imzolangan edi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri