Mahallalarga biriktirilgan soliq inspektori yuqori natijaga erishdi
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari tomonidan soliq bazasini kengaytirish, aholining soliq to‘lash madaniyatini yuksaltirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Tuman soliq inspeksiyasining Mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘’basi davlat soliq katta inspektori Bahrom Mamatov Qo‘ng‘irot, Qoraqo‘ng‘irot, Mirzo Ulug‘bek va Obod Neko‘z mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini 110 foizga bajarishga erishdi.

Mazkur mahallalarda mol-mulk solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxslar soni 3 058 nafarni, yer solig‘i to‘lovchilari esa 3 553 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, hududda 142 nafar yakka tartibdagi tadbirkor, 44 ta yuridik shaxs, 581 ta dehqon xo‘jaligi hamda 2 153 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs faoliyat yuritmoqda.

Soliq inspektori mahalla yettiligi bilan hamkorlikda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borib, soliq bazasini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Natijada hududda noqonuniy faoliyat yuritib kelgan 4 nafar tadbirkor belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 16 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyati qayta tiklandi.

Shuningdek, mahalla yettiligi bilan hamkorlikda olib borilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari samarasida joriy yilning yanvar-may oylari davomida 1 548 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, aholining soliq madaniyatini yuksaltirish, iqtisodiy faollikni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bunday ishlar mahallalar iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA