Mahallalarda aniqlangan kamchiliklar kengashlarda ko‘riladi va mas’ullardan aniq choralar talab qilinadi
Oliy Majlis Senatida mahalliy kengash deputatlarining o‘z saylov okruglaridagi mahallalarda aholi bilan ishlashini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Unda deputatlarning aholi bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish, muammolarni joyida o‘rganish, ularning yechimiga ko‘maklashish hamda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida Senat tomonidan Xorazm va Navoiy viloyatlarida yo‘lga qo‘yilgan amaliy tizimni boshqa hududlarda ham joriy etish, mahalliy kengash deputatlari va kotibiyatlari uchun ishni tashkil etishning aniq mexanizmlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Tadbirda deputatlik nazoratini tashkil etishning amaliy tartibi ham tushuntirildi. Mahallalarda aniqlangan masalalar tuman va shahar kengashlari muhokamasiga olib chiqilib, mas’ul tashkilotlardan aniq choralar va natijalar talab qilinadi. Mahalliy darajada hal etish imkoniyati bo‘lmagan masalalar esa viloyat va respublika darajasiga olib chiqiladi.
Deputatlarga o‘z saylov okrugidagi mahallalarda aholi, “mahalla yettiligi”, faollar va mas’ul tashkilotlar bilan muntazam muloqot olib borish, ishsizlik, daromad manbaining yo‘qligi, tadbirkorlikni boshlashdagi to‘siqlar, ijtimoiy masalalar hamda infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA