Mahallalar qiyofasi o‘zgarmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida hududlarda aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish, kommunal infratuzilmani yaxshilash va ko‘p qavatli uy-joy fondini zamonaviylashtirish bo‘yicha mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan edi. Bugun viloyatda ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, ularning tutash hududlarini obod qilish va issiqlik ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar vohaning shahar va tumanlariga mutlaqo yangi qiyofa bag‘ishlamoqda.
Bugungi kunda viloyatda 2566 ta ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ularga 35 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda davlat dasturlari, mahalliy byudjet, boshqaruv servis kompaniyalari hamda homiylik mablag‘lari hisobidan qariyb 300 milliard so‘m yo‘naltirilib, 1783 ta ko‘p qavatli uy va ularning umumiy foydalanish hududlarida mukammal hamda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Xususan, 1439 ta uyning fasad qismi bazalt qoplamasi bilan yangilandi. 323 ta uyning 286 ming 900 kvadrat metr tom qismi, 317 ta kirish yo‘laklari, 51 ta uyning yerto‘la qismi va ichki muhandislik kommunikatsiyalari, 24 ta uyning ichki issiqlik tizimi ta’mirlandi. Shuningdek, 2274 ta elektr taqsimlovchi shit va 1193 kvadrat metr framuga romlari yangilandi, 542 ta kodli temir eshik o‘rnatildi.
Tutash hududlarda ham obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. 56 ta bolalar maydonchasi barpo etildi, 66 ming kvadrat metr piyodalar yo‘laklari beton qoplama bilan qoplandi, 1296 ta tashqi tungi yoritish moslamasi o‘rnatildi. Natijada ko‘p qavatli uylar atrofidagi muhit nafaqat obod, balki xavfsiz va qulay hududga aylanmoqda.

Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yanada jadallashdi. Mazkur qaror doirasida 2026-yilda Jizzax viloyati shahar va tumanlarida 28 milliard 315 million so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan 55 ta bolalar maydonchasi, 4806 pogon metr irrigatsiya tarmoqlari, 19 ming kvadrat metr beton qoplamali yo‘laklar qurilishi rejalashtirilgan
Eng muhimi, mahalliy hokimliklar va boshqaruv servis kompaniyalarining teng ulushdagi mablag‘lari hisobidan 346 ta ko‘p kvartirali uyda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

— Mazkur dastur doirasida uylarning tom qismi, kirish yo‘laklari va muhandislik kommunikatsiyalari bosqichma-bosqich yangilanadi, — deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bo‘limining boshlig‘i Asqar Orifxo‘jayev. — Shuningdek, kodli eshiklar, energiya tejamkor yoritish uskunalari, tashqi chiroqlar, o‘rindiq va chiqindi qutisi o‘rnatiladi. Asosiy maqsad — aholi uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratish.
Viloyatda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish borasida ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 11-martdagi “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat bo‘lmoqda.

Hozirda viloyatda “Issiqlik ta’minoti” tizimiga qarashli 12 ta qozonxona faoliyat yuritib, 159 ta ko‘p qavatli uy va 24 ta ijtimoiy soha ob’ektini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlamoqda.
Shuningdek, Jizzax shahridagi “Ittifoq” mahallasi hududida kogeneratsiya texnologiyasi asosida 5,1 megavatt elektr va 14 megavatt issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi yangi tizimni barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 6 kilometr issiqlik tarmoqlari va 67 ta issiqlik punktlari quriladi.
Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qo‘shimcha 3,8 kilometr issiqlik tarmoqlari qurilishi boshlangan bo‘lsa, Do‘stlik tumanining “Chinobod” mahallasida yangi qozonxona ishga tushirilib, 19 ta ko‘p qavatli uy va 3 ta ijtimoiy soha ob’ekti markazlashgan issiqlik tarmog‘iga ulandi.
Mutaxassislar fikricha, amalga oshirilayotgan loyihalar aholining yashash sharoitini yaxshilash, energiya tejamkorligini ta’minlash va tabiiy gaz sarfini qisqartirish bilan birga, Jizzaxning zamonaviy shahar qiyofasini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri