Mahallada yangi tibbiyot maskani quriladi
Farg‘ona viloyati aholisi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida faol ishtirok etib, mahallalardagi muammolarga yechim topmoqda. Bag‘dod tumanining “Qahat” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining quvonchi cheksiz. Ular hududda birlamchi tibbiyot muassasasi binosini qurish bo‘yicha taklif kiritgan edi. 3-bosqichda 4 ming 280 ta ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan ushbu taklif g‘olib deb topildi.

– Nafaqat bizning mahalla, balki qo‘shni “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi ham quvonchimizga sherik, – deydi “Qahat” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Avazbek Imomov. – Sababi, bu yaqin-atrofda birlamchi tibbiyot muassasasi mavjud emas, fuqarolarimiz bitta ukol olish uchun ham 4-5 chaqirim yo‘l yurib 5-sonli “Chuvalanchi” oilaviy poliklinikasiga qatnaydi. Marshrutli transport qatnovining yo‘qligi – yana bitta muammo. Xullas, homiladorlar, yosh bolali ayollar va yoshi ulug‘ kishilar tibbiy ko‘rikdan o‘tish yoki shifokor maslahatini olish uchun anchagina zahmat chekishlariga to‘g‘ri kelayotgan edi. Shularni inobatga olib, “Ochiq byudjet”ga loyiha kiritdik hamda Prezidentimizga ming rahmat, 2 mingtadan ortiq ovoz to‘plagani uchun bizning taklifimiz ham g‘olib deb topildi va yangi tibbiyot muassasasi qurilishi uchun Respublika byudjetidan mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Yangi barpo etiladigan oilaviy shifokorlik punkti “Qahat” va “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi 7 ming 126 nafar aholiga xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Muassasa qurilib foydalanishga topshirilgach, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi ortadi, fuqarolarni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan muammo ijobiy yechim topadi. Umuman olganda, tibbiy xizmat aholiga yaqinlashtiriladi.

Bu yerda istiqomat qiluvchi aholi xursand, qalbida shukronalik ufurib turibdi. “Tashabbusli byudjet” sabab ularning ham joniga oro kirdi, og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘ldi. Mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari va homiylar tomonidan yozilgan iftorlik dasturxoni atrofida jamlanganlar shu haqda so‘zlashib, bir-birini qutladi, el-yurt tinchligi va farovonligi uchun duoda bo‘ldi.
M.Sulaymonov, O‘zA