Mahallada xavfsiz muhit – islohotlar ustuvor yo‘nalishi
Navoiy viloyati hokimligida viloyat hokimi Normat Tursunov va Respublika Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev ishtirokida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlar muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy muammolarni manzilli hal etish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “2026-yil respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosining joriy yil 4 oyidagi natijalari atroflicha tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi islohotlarning asosiy maqsadi jinoyatni sodir etilgandan keyin emas, balki uning kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishdan iborat. Shu ma’noda mahallalarda profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari hamda keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yig‘ilish davomida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash hamda mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama etildi va kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri