Mahallada tadbirkorlik — asosiy drayver
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Qamishtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik va hunarmandchilik, xususan mebelsozlik sohasi jadal rivojlanmoqda. Mahalla aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim markazga aylandi.
Mahallada qariyb 4 ming aholi istiqomat qiladi, ularning 150 nafardan ortig‘i tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, mebel, yog‘och va oyna mahsulotlari ishlab chiqarish bilan band. Ustaxonalarda bir ishchi kuniga o‘rtacha 200–300 dona butlov qismlar ishlab chiqarib, oyiga 4,5–6 million so‘m atrofida daromad topadi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jahongir Isaqovning ta’kidlashicha, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yoshlar mahallada kasb-hunarga o‘rgatiladi va tayyor mahsulotlar nafaqat mahalliy, balki qo‘shni hududlarga ham yetkaziladi.
Samarali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan biri — Dilshod Xolboyev rahbarligidagi “Mebelglaz – 2024” oilaviy korxonasida oyna qayta ishlanib, yotoqxona mebellari uchun turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xitoydan keltirilgan 6 ta zamonaviy dastgohda 20 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.
[gallery-27685]
Shu bilan birga, “Oqshom matratslari” oilaviy korxonasi ham zamonaviy prujinali matratslarni ishlab chiqarib, 10 nafar fuqaroni band qilgan va onlayn savdo xizmatini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda.
Mahallada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlashda “mahalla yettiligi” tizimli ishlar amalga oshirmoqda. MFY hokim yordamchisi Husniddin Hojimatovning ma’lum qilishicha, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Masalan, Umidjon Adhamovga 33 million so‘m kredit ajratilishi natijasida 4 nafar aholi ish bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, mahallada bog‘dorchilik ham rivojlantirilmoqda. “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 15 nafar fuqaroga uzumchilik uchun yer maydonlari ajratildi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar uchun uy-joylarni rekonstruksiya qilish va tomorqalarni obodonlashtirish ishlari ham amalga oshirildi.
O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan suratlar.