“Mahallabay” tizimi: muammolar joyida hal etilmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida so‘nggi oylarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida yangicha tizim – mahallabay va fuqarobay asosida xalq bilan muloqot qilib, ish tashkil etish, joylardagi muammolarni o‘rganish hamda ularning yechimini topish vazifasi belgilab berilgan edi.
Shu kunlarda poytaxtdagi vazirlik va idoralar rahbarlari hududlarda aholi vakillari bilan suhbatlashib, ularning hayot tarzi bilan yaqindan tanishmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Xususan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Faxriddin Davruqov Termiz shahridagi 4-sektorga qarashli mahallalarda o‘rganishlar olib bormoqda. Bevosita aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan ochiq muloqot qilayotir. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning istak va xohishlari tinglanmoqda. Hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish, mahallaning “o‘sish nuqtasini” belgilashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Mahallalarning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan “Yo‘l xarita”sini ishlab chiqishga ko‘maklashilmoqda. Hududlarning ixtisoslashuv yo‘nalishlari tahlil qilinib, oilalarning daromad manbalari o‘rganilayotir.
Jumladan, Termiz shahridagi Kokildor ota mahallasida 624 xonadonda 4 ming 500 dan ortiq kishi istiqomat qiladi. Besh yuzdan ortiq xonadonda issiqxona mavjud. Ular qishin-yozin pomidor, bodring, qulupnay kabi ziroatlar yetishtiradi. Ko‘kat parvarishi bilan shug‘ullanadi. Mahallada yig‘ib olinayotgan hosilning mahalliy bozordan ortiq qismi xorijga jo‘natiladi.
Dastlabki o‘rganish jarayonida mahalla aholisi yoshlarning daromad manbaini oshirish uchun g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ish bilan band bo‘lmagan yigit-qizlarga 50 sotixdan taqsimlab berish taklifini ilgari surdi. Maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi, sport inshooti qurishga, mahalla guzarini barpo etib, turli zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishni so‘radi. Shuningdek, hududdagi Kokildor ota maqbarasi atrofini doimiy obodonlashtirib turish uchun mehnat qilish istagini bildirgan va “temir daftar”ga kiritilgan 4 kishini jamoatchilik asosida ishga qabul qilishda yordam ko‘rsatishni taklif etdi.

To‘rtinchi sektor hududidagi mahallalarda mahallabay tizimida ishlarni tashkil etish bo‘yicha tegishli tadbirlar belgilab olingan. Har bir mahallaga shahardagi tijorat banklari, bandlikka ko‘maklashish markazi, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi kabi tashkilotlarning yetuk mutaxassislari doimiy vakil sifatida biriktirilgan. Ular tadbirkorlarga loyihalarini ruyobga chiqarish va kredit ajratishga ko‘maklashadi. Ishsiz aholi, xotin-qizlar va yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, tadbirkorlikka o‘qitish ishlarini tashkil etadi. O‘rganishlar chog‘ida bu borada joylarda olib borilayotgan ishlar natijadorligiga ahamiyat berilmoqda.
Muloqotlar chog‘ida qo‘mita raisi o‘rinbosariga guruh bo‘lib, mamlakatimizning tarixiy shaharlariga ichki sayohatga chiqishga ko‘maklashish, oilaviy mehmon uylari, xostel va mehmonxonalar tashkil etish tartib-taomillari, imtiyozlari haqida ham murojaatlar bo‘lmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlar tomonidan bildirilayotgan bu kabi murojaatlar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, alohida nazoratga olinmoqda.
Vohada tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilarining hududlarni mahallabay va xonadonbay o‘rganish jarayonida aniqlayotgan muammolari, aholining taklif va istaklari, ularning yechimi va natijadorligi viloyat shtabida umumlashtirilib, atroflicha tahlil qilinmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri