“Mahallabay” ishlash tizimi o‘z samarasini bermoqda
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Mahallabay” va “Mahalla yettiligi” tizimi jamiyatdagi ko‘plab muammolarni bartaraf etishda o‘z samarasini bermoqda.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hududiy bo‘limlari ham sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda ushbu tizimda ish olib bormoqda. Shu asnoda Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida birgina aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha amalga oshirilgan ijro harakatlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 47,8 milliard so‘m undirilgan.
Shuningdek, olib borilgan profilaktik suhbat va tushuntirish ishlari davomida qarzdorlar tomonidan oldindan to‘lov sifatida (bola 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan davr uchun) umumiy hisobda 2 milliard so‘mlik mol-mulk va pul mablag‘i, shu jumladan, 476 milliard so‘m naqd pul, 6 ta 1,5 milliard so‘mlik ko‘chmas mulk farzandlarning ta’minoti uchun topshirildi.

Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2021 yil 29 iyuldagi ijro hujjatiga asosan undiruvchi G.M.ning foydasiga tarbiyasidagi bir nafar farzandining ta’minoti uchun qarzdor O‘.M.dan har oydagi jami daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Ellikqal’a tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Joriy yilning 3 iyul kuni bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan Ellikqal’a tumani Paxtachi mahalla fuqarolar yig‘inida sud qarorlari ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi lozimligi, ijroni bajarmaslik oqibatlari haqida qarzdorlarga mahalla raisi bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuning natijasida qarzdor O‘.M. o‘zidan undirilishi lozim bo‘lgan aliment pullarini farzandi voyaga yetgunga qadar oldindan to‘lash istagini bildirgan va hisoblab chiqilgan 80 million so‘m aliment pulini shu kunning o‘zida to‘lab bergan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri