“Mahalla markazi” binosi ochildi
Yurtimiz bo‘ylab mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Navoiy viloyatida “Mahalla markazi” binosi foydalanishga topshirildi.
Yurtimiz bo‘ylab mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Navoiy viloyatida “Mahalla markazi” binosi foydalanishga topshirildi.
Mahalla – tarbiya o‘chog‘i, ezgulik beshigi, Vatan ichra kichik Vatandir. Azal-azaldan mahalla mehr-oqibat, ezgulik maskani, milliy qadriyatlar va urf-odatlarni ajdodlardan avlodlarga yetkazuvchi ma’naviyat beshigi hisoblanadi. Davlat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tayotgan mahallaning yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi hissasi beqiyosdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mahallaning nufuzini yanada yuksaltirish, faoliyat ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Aynan ushbu farmon ijrosini ta’minlash, mahalla institutining mavqei va rolini yanada mustahkamlash maqsadida e’tirofga molik ishlar amalga oshirildi.
Xususan, bugungi kunga qadar Navoiy viloyatida 2017 yilda Konimex, Navbahor, Nurota, 2018 yilda Uchquduq va Tomdi tumanlarida mahallalar kengashlari alohida o‘z binolariga ega bo‘ldi.
Bu boradagi amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida Navoiy shahri markazida viloyat hamda Navoiy shahar mahallalar kengashi uchun barcha qulayliklarga ega, zamonaviy talablar asosida qurilgan “Mahalla markazi” qad rostlashi bunga yaqqol misoldir.
Qisqa muddatda qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan ushbu markazda nafaqat xodimlar uchun, balki bu yerga keladigan har bitta fuqaro uchun barcha qulaylik yaratildi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.