Mahalla islohotlar markaziga aylanmoqda
Jizzaxda o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy muloqot oddiy tadbir emas, balki mahalla institutining bugungi qiyofasi va ertangi yo‘lini belgilab beruvchi fikrlar maydoniga aylandi. O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida tashkil etilgan uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, ayniqsa, mahallalarni rivojlantirish orqali jamiyatni yuksaltirish masalasi tahliliy muhokama qilindi.
Tadbir oldidan namoyish etilgan ijodiy ishlar va ko‘rgazmalar mahallaning nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy makon sifatidagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Har bir asar va g‘oyada yurtda kechayotgan yangilanishlar aks etgan.

Muloqot markazida esa bir g‘oya ustuvor bo‘ldi: mahalla shunchaki hududiy birlik emas, balki islohotlarning eng ta’sirchan va tirik mexanizmi. Shu ma’noda, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi bejiz emas. Bu qaror mahallaga yuklatilgan mas’uliyatni oshirib, uning vakolat va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Asomiddin Mardiyev bu jarayonlarga kengroq nazar tashladi:

— Bugun mahalla faqat ijtimoiy muammolarni hal qiluvchi bo‘g‘in emas, — deydi u. — U jamiyatning ma’naviy immunitetini shakllantiradigan muhitga aylanmoqda. Agar mahallada fikr uyg‘onsa, tashabbus kuchaysa, demak, jamiyatda o‘zgarish boshlanadi.
Uning ta’kidlashicha, mahallalardagi islohotlar samarasi endi quruq raqamlar bilan emas, balki inson hayotidagi o‘zgarishlar bilan o‘lchanmoqda. Aholi bandligi, xotin-qizlar faolligi, yoshlarning intilishi tizimli ishlar natijasidir.
Darhaqiqat, viloyat mahallalarida “mahalla yettiligi” asosida yo‘lga qo‘yilgan manzilli ish usuli o‘z samarasini bermoqda. Har bir xonadon bilan muloqot qilish orqali muammolar chuqur o‘rganilib, yechimlar joyida topilmoqda. Bu esa rasmiy hisobot emas, amaliy natijaga xizmat qilayotgan yangi boshqaruv madaniyatidir.
Ayni paytda mahallalarda bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Ta’mirlangan yo‘llar, barpo etilgan piyodalar yo‘laklari, zamonaviy yoritish tizimlari — bularning barchasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar bandligini oshirish, yoshlar bilan manzilli ishlashga qaratilgan dasturlar esa bu jarayonning mazmunini boyitmoqda.
Muloqot davomida yana bir muhim jihat qayd etildi: mahalladagi islohotlar hali yakuniga yetgan emas. Oldinda yechimini kutayotgan vazifalar ko‘p. Biroq bugun shakllangan ochiq muloqot, aniq reja va manzilli ish uslubi kelgusi yutuqlar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Jizzaxdagi ushbu uchrashuv bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: islohotlar markazda boshlanadi, ammo mahallada mustahkamlanadi. Mahalla bu jarayonda shunchaki ishtirokchi emas, balki uning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri