Mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binoda ish boshladi
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Ko‘tarmachek mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tuman hokimi Iqboljon Matro‘ziyev, sektor rahbarlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vakillari ishtirokida mahallaning yangi idorasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun moslashtirilgan yangi binolar barpo etilib, samarali faoliyat olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.
Tabirkor Alisher Omonov tomonidan barpo etilgan mahalla idorasi zarur barcha jihozlar bilan ta’minlandi.
[gallery-188]
– Mahallamiz idorasi avariya holatiga tushib qolgan edi, – deydi Ko‘tarmachek MFY raisi Ilhomjon Madaminov.
– Hukumatimizning e’tibori, tuman hokimligi va tadbirkorning ko‘magi bilan 4 ming 100 nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mahallamiz uchun yangi idora qurib berildi. Rais, o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori uchun alohida-alohida xonalarga ega bo‘lgan ushbu binoda samarali faoliyat yuritish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Tadbir qatnashchilari yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Tuman hokimligi, Mahalla va oila bo‘limi tomonidan mahalla idorasiga kompyuter jamlamasi sovg‘a qilindi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA