Mahalla bankirlari – xalqning moliyaviy qalqoni
Bugungi raqamli davrda inson hayotini internet, elektron to‘lovlar va zamonaviy bank xizmatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biroq raqamli imkoniyatlar qanchalik kengaysa, kiberfiribgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va moliyaviy xavflar ham shunchalik ortib bormoqda. Ana shunday sharoitda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, har bir fuqaroni raqamli tahdidlardan himoya qilish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifaga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahallalar hayotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Davlat rahbarining tashabbusi bilan mahallalarda joriy etilgan mahalla bankiri instituti esa aholining iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlarni band qilish, oilalar daromadini ko‘paytirish hamda moliyaviy xizmatlarni har bir xonadonga yetkazishda eng muhim bo‘g‘inga aylandi. Eng muhimi, mahalla bankirlari bugun nafaqat moliyaviy maslahatchi, balki aholini zamonaviy kiberxavflardan ogoh etuvchi ishonchli targ‘ibotchi vazifasini ham bajarmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlardan kelib chiqib, mahalla bankirlari va ijrochi-yordamchi agentlar uchun “Mijozlarni kiberfiribgarlikdan himoya qilish” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminarda ishtirokchilarga bank tizimida korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston Respublikasining “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga qat’iy rioya qilish, aholiga sifatli va shaffof xizmat ko‘rsatishning ahamiyati yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.

Tadbirning asosiy qismi esa bugungi kunning eng dolzarb muammosi — kiberfiribgarlikning yangi ko‘rinishlariga bag‘ishlandi.
Mutaxassislar shubhali havolalar orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik sxemalari, ularning belgilari va oldini olish choralarini hayotiy misollar asosida tushuntirib berdilar. Ayniqsa, qalbaki bank saytlari, soxta aksiya va sovrinlar, zararli APK dasturlari, fishing sahifalari orqali shaxsiy ma’lumotlar va bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish usullari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, bitta shubhali havolani bosishning o‘ziyoq fuqaroning bank hisobidagi mablag‘laridan ayrilishiga, shaxsiy ma’lumotlari firibgarlar qo‘liga o‘tishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois har bir mahalla bankiri aholiga internet xavfsizligi bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlarini olib borishi, odamlarni ogohlikka chaqirishi zarurligi ta’kidlandi.

Seminarda sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq yangi tahdidlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, AI texnologiyalari yordamida inson ovozini aniq nusxalash orqali yaqinlari nomidan pul so‘rash, rahbar yoki tanish shaxs qiyofasida Deepfake videoqo‘ng‘iroqlar uyushtirish, grammatik jihatdan mukammal va ishonchli ko‘rinadigan AI Phishing xabarlari yuborish kabi usullar bugungi kunda eng xavfli kiberjinoyat turlari ekani qayd etildi.
Tinglovchilarga bunday vaziyatlarda hech qachon shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilmaslik, har qanday moliyaviy operatsiyadan avval ma’lumotni bir nechta manba orqali tekshirish va shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga bermaslik bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar davomida AT Xalq bankining ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Nargiza Latipova ishtirokchilar uchun “To‘lov tizimi” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tkazdi.
Unda naqdsiz to‘lovlarning iqtisodiy va ijtimoiy afzalliklari, bank kartalari orqali to‘lovlarning qulayliklari, naqd va naqdsiz hisob-kitoblar o‘rtasidagi farqlar, mobil ilovalar hamda QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi atroflicha tushuntirildi.
Shuningdek, bank kartalaridan xavfsiz foydalanish, PIN-kod va CVV ma’lumotlarini sir saqlash, onlayn xaridlarda ishonchli internet do‘konlarini soxta platformalardan ajrata bilish bo‘yicha hayotiy misollar asosida muhim tavsiyalar berildi. Bu bilimlar ishtirokchilarning nazariy bilimlari bilan birga amaliy ko‘nikmalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun mahalla bankiri faqat kredit yoki bank xizmatlarini taklif qiluvchi mutaxassis emas. U har bir xonadonning iqtisodiy maslahatchisi, tadbirkorlik tashabbuslarining ko‘makchisi, moliyaviy savodxonlik targ‘ibotchisi va kiberxavfsizlik bo‘yicha ishonchli yo‘lboshchisiga aylanmoqda. Prezidentimiz tomonidan mahallalarda yaratilgan ushbu mutlaqo yangi institut aholi farovonligini ta’minlash, odamlarning bank xizmatlaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini yuksaltirish va mamlakatda raqamli iqtisodiyotni izchil rivojlantirishga xizmat qilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Zero, moliyaviy savodxonlik yuksak bo‘lgan jamiyatda firibgarlikka o‘rin qolmaydi. Hushyor, bilimli va raqamli texnologiyalarni to‘g‘ri qo‘llaydigan fuqaro esa nafaqat o‘z mablag‘ini, balki oilasi farovonligi va mamlakat iqtisodiy barqarorligini ham ishonchli himoya qila oladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri