Mafkura sohasida bo‘shliq bo‘lmaydi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan «Zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Tadbir «O‘zbekiston-2030» strategiyasi, «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, yurtimizdagi islohotlarni keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiya avvalida so‘zga chiqqan Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov bugungi kunda ma’naviyat sohasidagi tadqiqotlarni har qachongidan ham kuchaytirish lozimligini, bu kabi ilmiy konferensiyalar shu jihatdan amaliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Tadbirga moderatorlik qilgan Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori Olimjon Davlatov ma’naviyat sohasidagi tadqiqotlarning monitoringi va optimallashtirish zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda dolzarb ekanini ta’kidladi. Bu mavzudagi tadqiqotlarning amaliyotga tatbiq etilishi anjumanning asosiy yutug‘i bo‘lishi e’tirof etildi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy-ma’naviy muhit holatini o‘rganish va uni takomillashtirish texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ma’naviy-axloqiy qarashlariga ta’siri: mediatahlil metodlari, empirik tajribalar asosida ma’naviy tarbiyaning samarali va ta’sirchan usullari, g‘oyaviy kurash tarixi, metodologiyasi, muammo va yechimlari kabi ilmiy muammolar tahliliga bag‘ishlandi.

Konferensiyada ma’naviyat sohasidagi tadqiqotlar monitoringi va optimallashtirishning bugungi kundagi ahamiyati milliy va ma’naviy muhit bilan bog‘langan tarzda muhokama etildi.
Konferensiya davomida pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovning «Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ma’naviy-ma’rifiy faoliyat tendensiyalariga bir nazar», filologiya fanlari doktori, professor Sultonmurod Olimovning «Ma’naviyat – taraqqiyot kaliti», sotsiologiya fanlari doktori Sarvar Otamuratovning «Yoshlar ijtimoiy-innovatsion faolligini oshirishda ijtimoiylashuvning ahamiyati» mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. Shu bilan falsafa fanlari doktori, professor Qiyom Nazarovning «Jadid falsafasi», siyosiy fanlar doktori, professor Fazliddin Ravshanovning «Ommaviy axborot vositalarining yoshlar hayotiga ta’sirini tartibga solish yo‘nalishlari», falsafa fanlari doktori Shavkat To‘rayevning «Mafkura sohasida bo‘shliq bo‘lmaydi» mavzularida dolzarb muammolar tahliliga bag‘ishlangan qimmatli ma’ruzalari muhokama etildi.
Anjumanning munozaralar qismi qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (suratlar), O‘zA