Madaniy merosni saqlash millatning o‘zligini saqlashdir
Shu kunlarda Samarqand shahrida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.
Unda dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ortiq tarixchi, matnshunos va manbaashunos olim, muzey xodimi, ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Bugun o‘tkazilgan kongressning ochilish marosimida keyingi yillarda mamlakatimizda boy madaniy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 2018 yildan buyon faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekiston ko‘p asrlik, boy tarix va madaniy merosga ega, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yurt, – dedi xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – Turksoy Bosh kotibi Sulton Rayev o‘z tabrik so‘zida. – Uning tarixi va madaniyati nafaqat Markaziy Osiyo xalqlarining, balki butun dunyo turiy xalqlari o‘tmishining yorqin bir sahifasidir. Turkiy xalqlarning umumiy madaniyatini o‘zbek xalqi madaniyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu xalqning boy madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash uchun keyingi yillarda Prezident boshchiligida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Binobarin, madaniy merosni saqlash millatning o‘zligini saqlash bilan barobardir. Shu jihatdan o‘zbekning madaniyati Amir Temurning qilichi, Mirzo Ulug‘bekning yulduzlari, Navoiyning qalami va Boburning jasorati bilan, Beruniyning donishmandligi va Imom Buxoriyning duosi bilan yuzaga kelgan muqaddas meros.
[gallery-14411]
Shuningdek, tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSIKA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov, xalqaro turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafoyev, AQSHdagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr va boshqalar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi. Bu orqali o‘zbek xalqining bir necha ming yillik madaniy merosi tadqiq etilib, asrab-avaylanayotgani bilan birga dunyo miqyosida keng targ‘ib qilinayotgani ta’kidlandi.
Qisqa vaqt ichida yuzlab olimlar, mahalliy va xalqaro ekspertlar, mutaxassislar ko‘magida dunyoning turli o‘lkalarida saqlanayotgan o‘zbek xalqining noyob madaniy merosi haqida to‘plangan ma’lumotlar 70 jildi “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumida chop etildi.
«O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi» VII xalqaro kongressida «O‘zbekiston madaniy merosi» turkumidan 61–70 jildlardan iborat 10 ta yangi kitob-albom taqdim etilmoqda. Ozarbayjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya (shu jumladan, Tatariston), Turkiyadagi O‘zbekiston madaniy merosi to‘plamlariga bag‘ishlangan kitob-albomlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Butunjahon jamiyatining “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “O‘zbekiston san’ati durdonalari”, “Orol va Amu bo‘ylarida: qoraqalpoq san’ati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, shuningdek, “Bezak ensiklopediyasi” mavzulariga bag‘ishlangan rejalardagi nashrlar, “O‘zbekiston gilamlari”, “114 Qur’on”, “Sharqning 100 nodir qo‘lyozmasi” loyihalari ham kongress ishtirokchilariga taqdim etildi.
Kongress doirasida dunyo mamlakatlari tarixi va tarixiy shaxslari haqida filmlar yaratish uchun Turksoy mamlakatlari kino tashkilotlarining ijodiy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirishning yangi mexanizmlari tahlil qilindi. Ilmiy konferensiyalar, ko‘rgazma va taqdimotlar ham o‘tkazilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari