“Madadkor” jamoasi Respublika bosqichida qatnashadigan bo‘ldi
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tegishli tashkilotlar hamda Kasb-hunar ta’lim muassasalari hamkorligida “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Maqsad – yoshlar orasida favqulodda vaziyatlarda harakat qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish va qutqaruvchilik ma’naviyatini yuksaltirish.
Musobaqada shahar va tumanlarda g‘olib bo‘lgan 11 ta jamoa ishtirok etdi. Ulardagi 88 nafar a’zo 5 ta shart bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etishdi.



Musobaqa natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni Boyovut tumanining “Madadkor” jamoasi qulga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘ringa Sirdaryo tumanining “Qutqaruvchilar” jamoasi, 3-o‘ringa esa Sayxunobod tumanining “Xaloskorlar” jamoasi sazovor bo‘ldi.


Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanishdi. “Madadkor” jamoasi esa Respublika bosqichida qatnashadigan bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri