Lolazorlarni ehtiyot qilaylik!
“Yovvoyi lolalar shunchaki gullar emas, ular bizning boyligimiz, butun dunyo lolalarini paydo qilgan genetik boylikdir. Ular Markaziy Osiyo tabiatining, g‘ururi, ramzidir”.
Komiljon Tojiboyev,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
Botanika instituti direktori, akademik.
Bugun o‘lkamizda bahor fasli hukmron. Tog‘larimiz, qir-adirlarimizda lolaqizg‘aldoqlar ko‘zni quvnatib ochiladigan palla. Bu go‘zallik ta’rifiga so‘z ojizlik qiladi. Aslida ham tabiatning bu mo‘’jizasi chin ma’noda go‘zallik, nafosat timsolidir.
Markaziy Osiyo lolaning vatani bo‘lib, ularning fanga ma’lum bo‘lgan 100 ta turidan 75 tasi shu yerda o‘sadi.
O‘zbekistonda yovvoyi lolalarning 34 turi uchraydi, aksariyati “Qizil kitob”ga kiritilgan. Ulardan beshtasi – endemiklar bo‘lib, sayyoramizning boshqa biror joyida uchramaydi. Lolalar yer bezagidir.
Kuni kecha, ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirgan voqeani kuzatib, g‘oyatda achinib ketdim.
Alvon-alvon qizg‘aldoqzorlar, osmon zangori – ko‘m-ko‘k, atrof to‘la odam – yoshlar, bolalar, qo‘ni-qo‘shnilar... Ularning o‘zlarini tutishlarini ko‘rsangiz, yetmaganiga 10-15 nafar bola qizg‘aldoqzorda koptok tepmoqda. Yosh qizlar bo‘lsa, gullarni ayovsiz uzib-yulib boshlariga gulchanbarlar yasab olgan. Eng achinarlisi esa Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida bir guruh erkaklar tomonidan “Nexia”, “Damas”, “Cobalt” avtomobillarida qiyg‘os gullagan qizg‘aldoqzorlarni qasdan payhon qilib, avtomobil poygasi uyushtirgani bo‘ldi. Tabiatga 6 mln 592 ming so‘m miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan. Yana ijtimoiy tarmoqda qaysi joyda ekanligi yozilmagan, qizg‘aldoqzorda bir qiz qizil kastyum-shimda qo‘liga mikrofon olib, Yulduz Usmonovaning “Qizg‘aldog‘im” ashulasini aytmoqda, yonida kelgan hamrohlari bo‘lsa kerak, pul tutqazishayabdi.
Ona tabiatni oyoqosti bo‘layotganini bir ko‘ring, endi. Xo‘sh, keyin nima bo‘lishini bir uylab ko‘rdingizmi? Albatta, bunday farosatida nuqsoni bor kishilarning “bazmi”dan so‘ng tabiat bag‘riga uyum-uyum maishiy chiqindi qoldiqlari, yelim xaltalar, bir marta ishlatiladigan plastik idishlar... va hokozalar meros qoldiriladi. Nahotki, inson bolasi bunday ishlarni qilishdan uyalmasa!?
Tabiiyki, dam olishni, hordiq chiqarishni hech kim ta’qiqlab qo‘ygan emas. Ammo, tabiat qo‘ynida dam olish, hordiq chiqarish bunaqa bo‘lishi kerak emas! Ekologik ma’daniyat, tabiatga bo‘lgan mehr-shafqat, uni asrab-avaylash oiladan boshlanadi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan hikmat bor. Voyaga yetib kelayotgan yosh avlod bugungi ijtimoiy tarmoqlardagi hodisalarni ko‘rib, qanday tarbiya olar ekan ?..
Ta’kidlash joizki, qizg‘aldoqlar bilan lolalar gullarning alohida oila va turkumlarga mansub turlaridir. Qizg‘aldoqlar – Papaveraceae oilasi – Papver L. turkimiga; Lolalar – Liliaceae oilasi – Tulipa L. turkumiga mansub turlardir. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekistonda yovvoyi lolalarning 35 turi o‘sadi. Shulardan 19 turi O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” ga (2019-yil) kiritilgan. Bularning ilmiy hamda o‘zbekcha nomlari, Vvedenskiy lolasi – Tulipa vvedenskyi., Mixel lolasi, Dilband lola – Tulipa vvedenskyi., Farg‘ona lolasi, Javg‘aza lola – Tulipa ferganica., Leman lolasi, Javqosin lola - Tulipa lehmanniana., Korolkov lolasi –Tulipa korolkovii., Qardosh lola, Nurota lolasi - Tulipa affinis., Foster lolasi – Tulipa focteriana.,Oq lola – Tulipa orithyioides., Sarg‘ish lola – Tulipa dasystemon., Tukli lola, Surxon lolasi – Tulipa lanata., Kaufman lolasi, Targ‘il lola – Tulipa kaufmanniana., Tubergen lolasi – Tulipa tubergeniana.,Ulug‘vor lola – Tulipa ingens., Shuhbali lola, Chipor lola –Tulipa dubia., Cho‘lbair lolasi, Pushtagli lola – Tulipa carinata., O‘zbekiston lolasi – Tulipa uzbekistanica., Qizil lola, Greyg lolasi – Tulipa gregi., Sharipov lolasi, Gulbarra – Tulipa scharipovii., Oraliq lola – Tulipa intermedia. turlari insonlarning tabiatga ko‘r-ko‘rona taziyiqlari tufayli, “Qizil kitob” sahifalaridan joy oldi.
Kechagiday hamon ko‘z o‘ngimda... O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti darg‘alari – biolgiya fanlari doktori, professor O‘ktam Pratov, biologiya fanlari doktori Karimjon Toyjanovlar ayni bahor fasli, cho‘llarga ilmiy safarga otlanishimdan oldin, alohida tayinlab: “Qizim, Qizilqum cho‘liga borasanmi, Kattaqumgami, Farg‘ona vodiysi cho‘llarigami, ehtiyot bo‘lgin, aslo qumda o‘sib turgan qanaqa o‘simlik turlari bo‘lmasin, gerbariy namunalari uchun uzmagin, ular o‘ta og‘ir ekologik muhitda o‘sadi. Bitta o‘simlik turini yulib olsang, o‘sha tur qumlarda qayta o‘zini tiklay olmaydi. Yaxshisi, foto apparating bo‘lsa, suratga olgin” deyishardi.
Mana, ustozlarimning nabotot olamiga bo‘lgan mehri. Biz, ayniqsa, shaharlarda istiqomat qiladigan insonlar bahor boshlanishi bilan tabiat qo‘yniga otlanamiz. Go‘zallik bizni o‘z bag‘riga chorlayotganday bo‘laveradi. Ataylab bordik, ko‘rdik, zavq ham oldik deylik. Lekin lolalarni uzib, terishga, bir lahzalik quvonchni deb ularning bag‘rini qon qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Ular tabiat ne’mati. Shunchaki, payhon qilishga, yo‘q qilishga hech kimga huquq berilmagan.
Lekin, afsuski, har bahor bu xunuk hodisa qayta-qayta takrorlanaveradi. Kimdir lolazorni payhon qilayotgani, yana kimnidir lolaqizg‘aldoqlarni majaqlayotgan lavhalarga ko‘zimiz tushaveradi. Har bir uzilgan gul – bu yo‘q qilingan o‘simlikdir.
Bog‘ lolalaridan farqli o‘laroq, yovvoyi lola sekin ko‘payadi. Populyatsiyaning tiklanishi uchun yillar, ba’zan o‘n yillar kerak bo‘ladi. Kuni kecha Toshkent viloyati Ekalogiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Ohangaron tumani tog‘li hudularida ekologik nazorat o‘tkazilishi natijasida ishbu hududda yovvoyi holda o‘sib ko‘payuvchi lola gullarni 4 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy terib, katta yo‘l yoqasida sotish bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi, o‘simlik dunyosiga zarar yetkazgan fuqarolarga nisbatan MJtK ning 81 – moddasi 1 – qismiga asosan ma’muriy bayonnoma tuzilib, har bir huquqbuzarga 2.060.000 so‘m miqdorda jarima chorasi qo‘llanilgan. Xo‘p, tabiatga yetkazilgan moddiy zararlar qonuniy yo‘l bilan qoplanadi. Biroq, o‘sib turgan joyidan uzib olingan, lolalarning xazon bo‘lgan umrini hech kim qaytarib bera olmaydi.
Qizg‘aldoqlar
Shu o‘rinda Ekologiya vazirligi va Iqlim o‘zgarishi Bosh boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Suratlar ijtimoy tarmoqlardan olindi.
Marhamat Matvafayeva,
biologiya fanalari nomzodi,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
O‘zA