Lokomotiv peshqadamlikni mustahkamladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXV milliy chempionati oliy ligasining yigirma sakkizinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXV milliy chempionati oliy ligasining yigirma sakkizinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.Ushbu turning markaziy uchrashuvi Qarshining "Nasaf" va Farg‘onaning "Neftchi" jamoalari o‘rtasida kechdi. Uchrashuvning 59-daqiqasida mezbonlar o‘yinchisi Igor Golbin hisobni ochgan bo‘lsa, oradan yetti daqiqa o‘tib "Neftchi" klubi a’zosi Sherzod Hakimov hisobni tenglashtirdi – 1:1. Ikkinchi bo‘limda "Nasaf" futbolchilari ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Natijada 73- va 83-daqiqalarda Dragan Cheran ikki marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Shu tariqa uchrashuv 3:1 hisobida yakunlandi.
Milliy chempionatimizda peshqadamlik qilayotgan Toshkentning "Lokomotiv" jamoasi Navoiyda "Qizilqum" mehmoni bo‘ldi. Mazkur uchrashuvda "temiryo‘lchi"lar hujumchisi Marat Bikmayev 50-daqiqada o‘n bir metrlik jarima to‘pidan unumli foydalandi va jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. "Andijon" va "Bunyodkor" jamoalari o‘rtasidagi bahsda hisob ochilmadi.
"Buxoro" futbolchilari "So‘g‘diyona" (Jizzax) jamoasidan 3:0, "Paxtakor" (Toshkent) a’zolari "Sho‘rtan" (G‘uzor) jamoasidan 5:2, "Metallurg" (Bekobod) o‘yinchilari "Navbahor" (Namangan) jamoasidan 5:1 hisobida ustun keldi. Shuningdek, "Obod" (Toshkent) o‘z maydonida "Olmaliq" klubini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. "Qo‘qon –1912" (Qo‘qon) va "Mash’al" (Muborak) uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etildi.
Chempionatda "Lokomotiv" jamoasi 68 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda.