Livanda qurbonlar soni oshdi
Isroilning Livanga uyushtirilgan yangi havo zarbalari natijasida kamida 11 kishi halok bo‘ldi. Mamlakat janubidagi "Kfarhata" qishlog‘ida 7 kishi, jumladan 4 yoshli bola vafot etgani ma’lum qilindi. Bayrutning Jnah tumanida esa yana 4 kishi halok bo‘lib, 39 nafar odam jarohat olgan. Havo zarbalari oldidan aholiga evakuatsiya bo‘yicha ogohlantirish berilganiga qaramay, qurbonlar soni yuqori bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, hujumlar nasroniylar diniy bayramini nishonlayotgan kunga to‘g‘ri kelgan. Shu kuni Livanda so‘nggi oylardagi eng og‘ir vaziyatlardan biri kuzatildi. Poytaxt atrofi kamida 8-marta havo zarbasiga uchradi.
Mojaro mart oyida Hizbulloh tomonidan Isroilga raketa hujumlari boshlanganidan keyin keskinlashgan edi. Shundan so‘ng Isroil janubiy Livanga zarbalarni kuchaytirib, quruqlik operatsiyalarini ham boshladi. Bu esa AQSH–Isroil va Eron o‘rtasidagi kengroq ziddiyatning Livanga ham tarqalishiga olib keldi. Natijada mintaqadagi vaziyat yanada murakkablashdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Livanda halok bo‘lganlar soni 1400 nafardan oshgan, bir milliondan ortiq aholi o‘z uyini tark etgan. Isroil esa xavfsizlik zonasi yaratish maqsadida Livan hududiga 30 kmgacha kirib borish niyatida ekanini bildirdi. Shu bilan birga, minglab aholi vakillari hududni tark etishdan bosh tortmoqda. Bu esa gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA