Livan va Isroil o‘rtasidagi sulh uzaytirildi
AQSH vositachiligida Oq uyda o‘tgan muzokaralar Yaqin Sharqdagi davomli mojaroga vaqtinchalik yechim taklif etdi. Unga ko‘ra, Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi uch haftaga uzaytirildi.
Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning vositachiligida Oq uyda o‘tkazilgan muhim muzokaralar yakunida Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi yana uch haftaga uzaytirildi. Ushbu uchrashuvda Isroilning AQSHdagi elchisi Yechil Leyter va Livan elchisi Nada Movad ishtirok etib, tomonlar zo‘ravonlik darajasini pasaytirish va kelajakda mustahkam tinchlik bitimiga erishish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Tramp ushbu kelishuv mintaqadagi keskinlikni yumshatishiga ishonch bildirib, yaqin orada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Livan yetakchisi Jozef Aun bilan uchrashishini ma’lum qildi.
Garchi avvalgi 10 kunlik sulh keskinlikni biroz kamaytirgan bo‘lsa-da, janubiy Livan hududida to‘qnashuvlar hamon kuzatilmoqda. Isroil xavfsizlik maqsadida Livan ichkarisida 5–10 kilometrlik “bufer zona”ni nazorat ostida ushlab turibdi va mahalliy aholini bu hududga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirgan.
Livan tomoni keyingi muzokaralarda Isroil qo‘shinlarini olib chiqish va davlat chegaralarini aniqlashtirish masalasini ilgari surayotgan bo‘lsa, Isroil asosiy e’tiborni «Hizbulloh» guruhi faoliyatini cheklashga qaratmoqda.
Afsuski, mart oyining boshidan buyon davom etayotgan harbiy harakatlar Livanda qariyb 2,5 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. “Hizbulloh” vakillari Isroil kelishuv shartlariga to‘liq amal qilsa, sulhni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA