Litva hududida yadroviy qurol joylashtirishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi
Litva parlamenti – Seym mamlakat hududida yadro quroli joylashtirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish taklifini ma’qulladi. Ushbu masala muhokama qilingandan so‘ng konstitutsiyaviy tuzatishni ko‘rib chiqish uchun tegishli qo‘mitalarga yuborildi.
Yalpi majlisda 99 a’zo ushbu chorani qo‘llab-quvvatladi, 13 kishi qarshi ovoz berdi va besh kishi betaraf qoldi.
Qarorda Litva hududida yadroviy qurollarni ham nazarda tutuvchi ommaviy qirg‘in qurollari joylashtirilishini taqiqlovchi 137-modda mamlakat konstitutsiyasidan olib tashlanishi belgilangan.
Seym konstitutsiyaviy tuzatish bo‘yicha ikki bor, uch oylik oraliq tanaffus bilan ovoz berishi kerak. Tuzatish 141 a’zodan 94 nafarining malakali ko‘pchilik ovozi bilan qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Jarayon 6-oktabrda boshlanadi, ikkinchi ovoz berish 12-yanvarga belgilangan.
S.Rahimov, O‘zA