Lider ayollarning tashabbus va g‘oyalari o‘rganildi
Qoraqalpog‘istonda “Innovator, lider ayollar bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi va hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan seminarda agentlik mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, hududdagi 44 ta tashkilot va idoralarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, OAV xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Seminar davlat organlari va tashkilotlaridagi xotin-qizlarning sohadagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, liderlik salohiyatini rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatidagi islohotlar bilan tanishtirish, mavjud muammolarni yaqindan o‘rganishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda mamlakatimizda davlat boshqaruvida xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim qadamlar qo‘yilgani ta’kidlandi. Sohaning normativ-huquqiy bazasi takomillashtirilgani ma’lum qilindi. Prezidentimizning uzoqni ko‘zlagan odilona siyosati natijasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar ulushi ortayotgani, bu xalqaro ko‘rsatkichlarda ham o‘z aksini topayotgani bildirildi.
Seminarda tajribali va salohiyatli mas’ul rahbarlar, soha mutaxassislari rahbar ayollarda liderlik, xalqparvarlik, kreativlik ko‘nikmalarini shakllantirish, davlat xizmatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, davlat xizmatchilarining salomatligi — davlat xizmati samaradorligi kafolati, davlat xizmatida oila va karera muvozanatini ta’minlash strategiyalari mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
“Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning shaxsiy samaradorligini oshirish imkoniyatlari”, “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va agressiyaning psixologik asoslari”, “Inson resurslarini boshqarishning zamonaviy usullari”, “Xotin-qizlarning davlat xizmatiga moslashuvi ijtimoiy xususiyatlari”, “Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning jamoatchilik bilan hamkorligi: zamonaviy texnologiyalar va trendlar”, “Davlat fuqarolik xizmatidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari” mavzularida treninglar tashkil etildi. Ishtirokchilarning sohaga oid taklif va tashabbuslari, mavjud muammolari ijtimoiy so‘rovnoma orqali o‘rganildi.
[gallery-22096]
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu seminar Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatidagi xotin-qizlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi bilim va ko‘nikmalar olishi, o‘zaro tajriba almashishi, sohadagi faoliyatini yanada rivojlantirishi uchun o‘ziga xos korpus vazifasini bajardi.
O‘zA