Latviyada siyosiy vaziyat keskinlashdi(mi)?
Latviyada joriy yil oktabrda o‘tkaziladigan parlament saylovlari oldidan yirik siyosiy inqiroz boshlandi. Mamlakat bosh vaziri, markaz-o‘ng koalitsiya rahbari Evika Silinya lavozimini tark etishini e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Silinya faoliyati davomida davlat xavfsizligi va fuqarolar manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan, ammo “siyosiy hasad va turli manfaatlar” vaziyatni izdan chiqargan. Siyosiy kuzatuvchilar bu chiqishni koalitsiya ichidagi ziddiyatlar ochiq to‘qnashuv bosqichiga o‘tganining belgisi sifatida baholamoqda.
Inqirozning asosiy sabablaridan biri mudofaa sohasidagi mojaro bo‘ldi. O‘lkaning sobiq mudofaa vaziri Andris Spruds ukrain dronlari Rossiya hududidan og‘ib kirib, Latviya havo himoya tizimini buzib o‘tganidan keyin kuchli tanqidlarga uchradi va lavozimini tark etdi. Shundan so‘ng uning partiyasi hukumatni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi. Natijada bosh vazir jamoasi parlamentda ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotdi.
Endi yangi hukumatni shakllantirish vazifasi respublika prezidenti – Edgars Rinkevichs zimmasiga tushadi. U barcha parlament partiyalari bilan muzokara o‘tkazishi kutilmoqda. Tahlilchilar fikricha, bu iste’fo nafaqat hukumatni, balki Latviyaning saylovoldi siyosiy muvozanatini ham keskin o‘zgartirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA