KXDR 10 ga yaqin ballistik raketa uchirdi
Shimoliy Koreya sharqiy dengiz tomon qariyb 10 ta ballistik raketa uchirdi, deb xabar bermoqda “NBC News” nashri.
Ta’kidlanishicha, raketalar KXDR poytaxti Pxenyan yaqinidan uchirilgan. Ammo ularning qancha masofaga uchgani hozircha ma’lum emas. Ayrim manbalar raketalar Yaponiya maxsus iqtisodiy zonasidan tashqarida, ochiq dengizga qulaganini yozib chiqdi.
Janubiy Koreya Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi mamlakat harbiylari favqulodda holatga tayyor ekani, kuzatuvni kuchaytirgani hamda ma’lumotlarni AQSH va Yaponiya bilan yaqin hamkorlikda almashib borayotganini bildirdi.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In doimiy ravishda AQSH va Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini “bosqinchilik repetitsiyasi” deb baholab keladi va ko‘pincha buni o‘z harbiy namoyishlari yoki qurol sinovlarini kuchaytirish uchun bahona sifatida ishlatadi.
So‘nggi yillarda Pxenyan bir necha bor raketa va artilleriya qurollari bilan ommaviy uchirishlar o‘tkazdi va bu mashqlarni Janubiy Koreyadagi nishonlarga qarshi zarba simulyatsiyasi sifatida ta’riflab keladi. Kim Chen In KXDR xavfsizligiga har qanday tahdid “dahshatli” oqibatlarga sabab bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Kim Chen In Eron mojarosi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmagan bo‘lsa-da, ammo AQSH–Janubiy Koreya mashg‘ulotlari mintaqaviy barqarorlikka putur yetkazayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, xalqaro xavfsizlik tizimi “tez sur’atlarda parchalanmoqda” va “beqaror xalqaro kuchlar” harakatlari tufayli dunyoning turli hududlarida ziddiyatlar yuzaga kelmoqda.
Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi alohida bayonot bilan chiqib, AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlarini qoralab, Tehronning yangi oliy rahbari Mujtabo Humanaiyni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
O‘.Alimov, O‘zA