Kutilmagan vaziyatda kutilmagan qaror (ONLAYN)
Chirchiq shahridagi harbiy qism serjanti Jamoliddin Qosimov aloqachilar bilan mashgʻulotni yakunlab, merganlar taʼlim oladigan xonaga yoʻnaldi.
Chirchiq shahridagi harbiy qism serjanti Jamoliddin Qosimov aloqachilar bilan mashgʻulotni yakunlab, merganlar taʼlim oladigan xonaga yoʻnaldi.
Qahramonimizga ergashib, sinfga kirganimizda, ajabtovur libosdagi odamlarni koʻrib, avvaliga choʻchib ketdik. Ular qish, bahor yoz va kuz fasliga mos ravishda niqoblangan merganlar ekanini bilgach, xotirjam boʻldik. Bizning holatimiz ularning kulgisiga sabab boʻlgani ham rost.
Bugungi mavzu “Toʻgʻri nishonga olish, niqoblanish, joyni tanlash, uzoq va yaqin masofalarda qurollarni samarali qoʻllash metodlari” boʻlgani va bu bizga ham qiziqligi uchun diqqat bilan tinglashni boshladik.
Biz uchun qiziq boʻlganlarini sizga ham ilindik. Merganlar balandlik, tekislik va bino ichida joylashishi mumkin. Qorda niqoblanishda quyosh nuri va qorning koʻpligi hisobga olinar ekan. Shuningdek, dushman keladigan barcha yoʻllar koʻrinib turishi kerak. Eng muhimi esa siz tanlagan joy koʻzga tashlanmaydigan, oʻziga jalb qilmaydigan va shubha uygʻotmaydigan boʻlishi shart. Niqoblanishda sharoitdan kelib chiqib, tabiat ranglaridan koʻproq foydalanilar ekan. Shu bois yozda yashil va sariq, bahorda koʻk, kuzda sariq rang tanlanadi.
Saboq yakunida mergandan boshqalarga oʻxshamagan qanday xususiyatlar talab etilishi haqida soʻradik.
– Eng avvalo oʻtkir nigoh va aql kerak boʻladi, – deydi J.Qosimov.– Sabr-toqat, kuchli idrok, keng dunyoqarash, vazminlik ham muhim. Asablar ana shu maqsadlarga boʻysundirilgan boʻladi. Baʼzi holatlarda merganlar 2-3 kun och-nahor qolib ketishi mumkin. Agarda chidamli va kuchli jismoniy tayyorgarlik sohibi boʻlmasa, bardoshi yetmasligi mumkin. Keyingi vaqtlarda mintaqadagi, jahondagi harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda otish mashgʻulotlarining usul va uslublarini takomillashtirgan holda sinovdan oʻtkazyapmiz.
Shu oʻrinda xorijiy davlatlarning mudofaa idoralari bilan xalqaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik haqida eslab oʻtmoqchimiz.
Turkiya, AQSH, Germaniya, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Buyuk Britaniya va boshqa qator xorij mamlakatlari mudofaa akademiyalari, strategik tadqiqotlar markazlari bilan keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Albatta, bu sohadagi eng soʻnggi maʼlumotlardan xabardor boʻlish va ularni atroflicha tahlil qilish, mavjud bilimlarni yanada boyitish, shuningdek, Qurolli Kuchlarni qoʻllash strategiyasi va taktikasini yanada takomillashtirish, jangovar operatsiyalarni olib borish boʻyicha zamonaviy tajribani chuqur va puxta egallash imkonini bermoqda.
Bu borada 2019-yilda ham qator hamkorlik mashgʻulotlari olib borildi. Jumladan, Sharqiy harbiy okrugga qarashli “Gʻurumsaroy” dala-oʻquv maydonida Oʻzbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirokida “Markaz – 2019” strategik qoʻmondonlik-shtab oʻquvlari oʻtkazildi. “Chirchiq” dala-oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi havo desant boʻlinmalari Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari havo desant boʻlinmalari bilan hamkorlikda jangovar mashgʻulotlar olib bordi. Oʻzbekiston va Hindiston harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi “Doʻstlik – 2019” taktik oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Qoʻshinlarda yangi joriy etilgan anʼana “Men gʻolib!” shioridan xabaringiz bormi? Bu haqida bilishni istasangiz saytimizni kuzatishda davom eting.