Kursantlar “Zakovat”da bahslashdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida kursantlar o‘rtasida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Harbiy yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash, intellektual salohiyati, kasbiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish hamda ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan bellashuvlarda kursantlar jamoalarga bo‘linib, o‘z bilim va iqtidorlarini astoydil ko‘rsatishga harakat qildi.

O‘yin natijalari "Zakovat" nodavlat-notijorat tashkiloti mas’ul xodimi Muhiddin Usmonov tomonidan shaffof va odilona baholab borildi.

Natijalarga ko‘ra, 5-bosqich kursantlaridan tashkil topgan “Bitiruvchilar” jamoasi g‘olib deya e’tirof etildi. Shuningdek, 3-bosqich kursantlari – “Zukkolar” jamoasi ikkinchi pog‘onadan joy oldi, 2-bosqich kursantlaridan iborat “Temurbeklar” jamoasi esa uchlikni yakunlab berdi.

Tadbir g‘olib va sovrindorlari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA