Kurash: Dushanbeda XV Osiyo chempionati boshlandi
Bugun, 13-iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV Osiyo chempionati bahslari boshlandi.
Chempionatning ilk kunida erkaklar o‘rtasida 60, -66, -73, -81 kilogrammda, xotin-qizlar orasida esa -70, -78, -87 va +87 kilo vazn toifalarida bellashuvlar o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Kecha chempionat oldidan Osiyo kurash konfederatsiyasi boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi hamda VIII kongressi bo‘lib o‘tdi.
Osiyo kurash konfederatsiyasi prezidenti Komil Ro‘ziyev raisligida o‘tgan yig‘ilishlarda qit’a miqyosida kurashni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida konfederatsiya ustaviga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, 2027-yilgi Osiyo chempionatini o‘tkazishga da’vogar mamlakatlarning taqdimoti bilan tanishildi. Shuningdek, Yaponiyada bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari ko‘rib chiqildi.
Kongressda ishtirok etgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sherzodxon Qudratxo‘ja, IKA bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri, Afg‘oniston kurash federatsiyasi rahbari Said Ziyo Dashti, Tojikiston kurash federatsiyasi vitse-prezidenti Raxmatjon O‘rinov va boshqalar kurashning xalqaro maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, amalga oshirilayotgan loyihalar, mintaqaviy musobaqalar va xalqaro taqvimdan o‘rin olgan yirik tadbirlar xususida to‘xtaldi.

Kongressga kelgan delegatlar murabbiy va hakamlar uchun tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlarning saviyasini oshirish, ichki chempionatlarni tizimli o‘tkazish, kurashchilarning xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini yuritish kabi qator yo‘nalishlar borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘tkazilayotgan qit’a chempionati 15-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA