Kun xabarlari qisqa satrlarda
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Z.Sayidov hududdagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi.
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Z.Sayidov hududdagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi. Unda ushbu muassasada “Yosh tadbirkor” to‘garagini ochish to‘g‘risida bildirilgan taklif shu joyning o‘zida hal etildi.
11-sinf o‘quvchisi Dilrabo Abdumannopova tomonidan bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish uchun biznes to‘garak ochish to‘g‘risida taklifi tadbirda ishtirok etayotgan 80 nafar yoshning ko‘pchiligi tomonidan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
– Masalan, men qandolatchilikka qiziqaman, – deydi bitiruvchi Nuriddin Xalosov, — Ammo maktabni bitirganimdan so‘ng uni o‘rganishga yana ancha vaqt sarflashim kerak. Shuning uchun bunday to‘garak faqat menga emas, barcha bitiruvchilar uchun juda foydali bo‘ladi.
Uchrashuvda yoshlar yangi Soliq kodeksidagi asosiy o‘zgarishlar, tadbirkor tomonidan to‘lanadigan soliqlar haqida batafsil ma’lumot olishdi.
***
Jizzaxda “Xotin-qizlarning faolligi – jamiyat rivojining muhim omili“ mavzusida xotin-qizlarning viloyat hokimi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Jizzax politexnika institutida o‘tgan tadbirda shahar va tumanlarning xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, tadbirkor ayollar, pedagoglar, tashabbuskor talaba qizlar, “Zulfiya“ nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.
Unda viloyat hokimi Ergash Saliev so‘zga chiqib, 2019 yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarga batafsil to‘xtaldi.
Tadbirda “O‘zbekiston ayollarining eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihasi” tanlovining 25 nafar qatnashchilari esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
***
“Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xususan, birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarish uchun korxonada ishchi-xodimlarning farzandlari o‘rtasida she’rxonlik va rassomchilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuv jajji bolajonlarga xursandchilik va yaxshi kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan ishchi-xodimlar o‘rtasida voleybol sport turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan korxona binosining “Call centre” xonasida ishchi-xodimlar matn kiritishda bellashdilar.
Korxona xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan Alisher Navoiyning “Xamsa” asari bo‘yicha viktorina barchaga o‘zgacha kayfiyat ulashdi.
***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiy sudi tashabbusi bilan tumanlararo (tuman) iqtisodiy sudlari sudyalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasi, Nukus shahri va barcha tumanlar soliq inspeksiyalari mas’ul xodimlari ishtirokida “Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksini amaliyotda qo‘llash masalalari” mavzusida videoselektor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda bir qator tumanlararo iqtisodiy sudi raislari yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga yuridik shaxslar uchun kiritilgan yengilliklar borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i A. Uteev tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar, soliq to‘lash tartiblari va muddatlari haqida tushunchalar berdi.