Kun xabarlari qisqa satrlarda
Sayxunobod tumanidagi maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida Sirdaryo viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Sobirov viloyat yoshlari bilan uchrashdi.
Sayxunobod tumanidagi maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida Sirdaryo viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Sobirov viloyat yoshlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda viloyat, tuman hokimliklari, bandlik bosh boshqarmasi, tijorat banklari, viloyat va tuman mutasaddi tashkilotlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat, tuman kengashlarining rahbar va mas’ul xodimlari hamda 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Viloyatda qariyb 6 ming gektar ekin maydonida 162 nafar faoliyat yuritayotgan yosh fermer xo‘jaliklarining 27 tasi chorvachilik, 18 tasi bog‘dorchilik, 34 tasi sabzavotchilik, 74 tasi paxta va g‘allachilik va 9 tasi baliqchilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda.
Qishloq xo‘jaligi tashkilotlarida 1 ming 420 nafar yoshlarning 446 nafari bosh mutaxassis, 282 nafari bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida samarali ish faoliyatini olib bormoqda.
Uchrashuvda 30 dan ortiq yoshlar turli masalalar, bank krediti, tadbirkorlikni tashkil etish, fermer xo‘jaligi faoliyatini kengaytirish, qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni olib kirish, yoshlar bandligini ta’minlash va boshqa bir qator taklif tashabbus va muammolar bilan murojaat qildi.
Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning asosiy qismi joyida hal etildi.
***
Sirdaryo viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining tashabbusi bilan Sayxunobod tuman hokimligida “Ayol -jamiyat tayanchi” mavzucida ko‘rgazmali tadbir o‘tkazildi.
Unda viloyat va tuman hokimligi, viloyat va tuman xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari, tumandagi mutasaddi tashkilot rahbarlari, hududdagi 19 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 200 nafardan ortiq ishsiz ayollar, 30 nafar faol o‘quvchi qizlar, rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, 5 ta partiyaning tuman kengashlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor, pazanda, hunarmand ayollar o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etdi. Jarayon davomida oilasida nogironligi bo‘lgan ayollarga nogironlik aravachalari taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir davomida oilaviy ajrimlar, ularning oldini olish, yosh oilalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
***
Namangan Davlat universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Universitet tashabbusi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati Namangan viloyati bo‘linmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi hamkorligida “Eng katta boylik –bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros –bu yaxshi tarbiya” mavzusida tashkil etilgan anjumanda o‘qituvchi va professorlar hamda talabalar vakillari ishtirok etdi.
Oliy o‘quv yurti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori A. Isoqboev boshqarib borgan tadbirda davlatimiz rahbarining milliy parlamentga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati X. Gapparov, “Yuksalish” milliy harakati viloyat bo‘linmasi rahbari A.Javharov, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari B. Mirzatov va boshqalarining Murojaatnoma sharhiga doir ma’ruzalari tinglandi.
***
Namangan viloyati prokurori Akmalxo‘ja Mavlonov Uchqo‘rg‘on tumanida “Prokuror va yoshlar” uchrashuvini o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 500 nafardan ziyod yoshlar, jumladan sport, madaniyat, ta’lim va boshqa sohalarda faol yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda yoshlarning ko‘plab talab va takliflari tinglandi. Mutasaddilar ular bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida viloyat prokurori tomonidan turli yo‘nalishlarda yutuqlarga erishgan o‘nlab yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi va bir qator kam ta’minlangan yosh oilalarga tikuv mashinalari topshirildi.
“Uztex Uchkurgan” korxonasida davom etgan uchrashuv jarayonida yoshlarga yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishildi. Korxona tomonidan yoshlarga yaratilgan va yaqin istiqbolda yaratiladigan ish o‘rinlari va mehnat sharoitlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Korxona yoshlari bilan uchrashuvda ularni qiynayotgan muammo va takliflar bilan qiziqildi.
“Prokuror va yoshlar” tadbiri doirasida yoshlar bandligiga ko‘maklashish ta’minlash maqsadida tashkil qilingan mehnat yarmarkasida Uchqo‘rg‘on, Norin, Uychi tumanlari va Namangan shahridagi 80 ga yaqin korxona va tashkilot 900 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Yarmarkaga jalb etilgan 300 ga yaqin yoshlarning 58 nafari ishga joylashtirildi, 20 nafari kasbga o‘qitishga yuborildi va 147 nafariga huquqiy maslahat berildi.
Uchqo‘rg‘on tuman Davlat xizmatlari agentligida tijorat banklari vakillari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun mavjud imtiyozli kredit liniyalari, banklar faoliyati hamda
10 nafar yosh tadbirkorlarning amalga oshirilishi rejalashtirgan loyihalari taqdimoti, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan yoshlar “Start up” tanlovining final bosqichi o‘tkazilib, tanlov g‘oliblari va faol ishtirokchilar viloyat prokurorining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida yoshlarning “Daminov Asilbek” MChJga qarashli xonbaliq yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jalikka “Yoshlar biznes sayohati”, “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan yoshlar o‘rtasida sportning karting va havoli miltiqdan o‘q otish turi bo‘yicha “Viloyat prokurori kubogi” musobaqalari uyushtirildi. Musobaqa g‘oliblariga kubok, diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.