Kuchli shamol yetkazgan talofatlar bartaraf etilmoqda
Joriy yilning 6-7 fevral kunlari Jizzax viloyatining bir qator hududlarida kuchli shamol kuzatilib, ayrim joylarda bu elektr ta’minotiga jiddiy zarar yetkazishi oqibatida bir qator aholi xonadonlari vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldi.
Lekin muqobil energiya manbalari o‘rnatilgan tashkilot va xonadonlarda chiroqlar porlab turgani, ana shunday paytlarda quyosh chiroqlarining asqatgani ham bor gap.


Bu kuchli shamoldan, ayniqsa, Forish tumani, boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq zarar ko‘rganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Tuman elektr tarmoqlari korxonasidan berilgan ma’lumotda ta’kidlanishicha, kuchli shamol natijasida tumandagi 22 ta mahalla aholisi elektr havo tarmoqlaridagi talofatlar sabab vaqtincha elektr energiyasi ta’minotidan uzilib qolgan.
Kuchli shamol to‘xtagach, tumandagi bir qator mahallalarda elektr havo tarmoqlaridagi talofatlar bartaraf etilib, ushbu mahallalar aholisining elektr energiya ta’minoti qayta tiklangan.


Ayni paytda tumandagi “Do‘stlik”, “O‘xum”, “Uchma”, “Qizilqum”, “Egizbuloq”, “Nurak”, “Sayyod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida elektr havo tarmoqlaridagi talofatlarni bartaraf etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Kuchli shamol natijasida yetkazilgan talofatlarni bartaraf etishda Paxtakor, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Arnasoy tumanlari elektr tarmoqlari korxonalari energetiklari va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali xodimlari, qurilish bo‘limi brigadalari forishlik energetiklarga yaqindan yordam berayotgani alohida tahsinga loyiq.
AJ Jizzax hududiy filiali mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, bugun (8 fevral) tuman aholi punktlari to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari