Kuchli Kengash – hisobdor hokim
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi kotibiyatida o‘tkazilgan matbuot anjumanida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Anjumanda Kengash kotibiyati mudiri Nodira Karimova ishtirokchilarga keng qamrovli axborot taqdim etar ekan, mahalliy vakillik organlari faoliyatida kuzatilayotgan muhim o‘zgarish va natijalarga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiyada mamlakatimizda xalq vakillarining mavqei va ta’sirini kuchaytirish, ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga amaliy mazmun bag‘ishlash maqsad qilingan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlarining alohida belgilab qo‘yilishi, “Kuchli Kengash – hisobdor hokim” tamoyilini joriy etish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida Xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlari tomonidan jami 83 ta sessiya o‘tkazilib, ularda 1205 ta masala muhokama qilingan. Har bir muhokamada, kun tartibidan kelib chiqqan holda, qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosi doimiy komissiya va kotibiyatlar tomonidan nazoratga olinganligi ta’kidlandi.
Haqiqiy xalq vakilining yuzi – xalq bilan muloqotda namoyon bo‘ladi. Joriy yil davomida deputatlar tomonidan joylarda 1047 ta uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi, ularda ko‘tarilgan 1291 ta muammoning 81 foizidan ortig‘i o‘z yechimini topdi.

Shuningdek, 270 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan bo‘lib, ular orqali fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirildi. Ahamiyatlisi shundaki, bu so‘rovlarning 80 foizdan ortig‘i ijobiy hal qilingan.
Faoliyat samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2025 yil mart va aprel oylarida ekspert hamda Yoshlar maslahat guruhlari tashkil etildi. Ular doimiy komissiyalar faoliyatida ishtirok etib, muhokamalarda jamoaviy fikrlash va tahlilga zamin yaratmoqda.
Shuningdek, mahalliy Kengashlar tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qurilish sohalarida qabul qilingan qarorlar ijrosi doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham jiddiy ishlar amalga oshirildi. Prezidentimizning 2025 yil 21 apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida soha kesimida chuqur tahlillar olib borildi.
“Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda 292 marotaba fuqarolar qabuli tashkil etildi. Ular orqali 673 ta muammo aniqlangan bo‘lib, 93 foizdan ortig‘i yechim topgan. Bu esa mahalliy vakillik organlari tomonidan jamoatchilik bilan ishlash asnosida yuqori samaradorlikka erishilayotganidan darak beradi.
Joriy yilning muhim xususiyatlaridan biri – mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari faoliyatining tizimlashgani, doimiy nazorat-tahlilning yo‘lga qo‘yilganidir. Har bir sohada deputatlik nazorati asosida rejali o‘rganishlar tashkil etilmoqda. Qabul qilingan qarorlar orqali sohaviy tizimlardagi kamchiliklar aniqlanib, tegishli davlat organlari bilan birgalikda yechim topishga e’tibor qaratilmoqda.
Yig‘in yakunida jurnalist va blogerlar Kengash faoliyatiga oid bir qator savollar bilan murojaat qilishdi va atroflicha javoblar olishdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri