Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash joriy etiladi
Mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari asosida amalga oshirishi zarur.
Bunday xizmatlar turlariga kripto-birja, mayning-pul, kripto-depozitariy va kripto-do‘kon kiradi.
Sohada litsenziyalashni amalga oshirish uchun “Davlat boji to‘g‘risida” va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu Senat yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda o‘z aksini topgan.
Qonun bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligining kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish masalalariga doir vakolatlari mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, mayning-pul, kripto-depozitariy, kripto-do‘kon faoliyatlarini amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab etiladi.
Mayningni ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganlik yoki qalbaki hujjatlardan foydalanganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilanmoqda.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritilib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olayotgan yuridik shaxslar uchun davlat boji joriy etilib, uning miqdori va to‘lov tartibini belgilash vakolati Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga berilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA