Kredit ajratish hamon mavhum bo‘lib qolmoqda
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrda qabul qilgan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘rganishlar jarayonida aniqlanishicha, Prezident qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan har ikki viloyatda muayyan tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, Samarqand viloyatida 2021 yilda 19 ming 329 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sug‘oriladigan 9 ming 800 gektar maydonni lazerli uskuna yordamida tekislash natijasida suvni tejash vazifasi belgilangan. bugungi kunda 28 ming 887 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatishga shartnomalar tuzilgan, 5 ming 637 gektariga esa joriy etilgan.
Farg‘ona viloyatida shu yil yakuniga qadar 18 ming gektar paxta, 2 ming 228 gektar bog‘, 1 ming 450 gektar uzum maydonlarini tomchilatib sug‘orish, 2 ming 700 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish, 15 ming 800 gektar maydonni lazerli uskuna orqali tekislash rejalashtirilgan.
bugungi kunda 21 ming 678 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatishga shartnomalar tuzilgan, shundan 3 ming 548 gektariga o‘rnatilgan. O‘rganishlar davomida chora-tadbirlar dasturining ayrim bandlari ijrosi kechiktirilgani aniqlandi. Masalan, shu yilning 1 apreliga qadar suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan maydonlarga servis xizmati ko‘rsatishni tashkil qilish hamda har bir tumanda kamida bitta suv tejovchi texnologiya va butlovchi qismlar savdo shoxobchasini tashkil qilish belgilangan bo‘lsa-da, lekin aksariyat tumanlarda ijro etilmagan.
Shuningdek, 2021 yilning 10 apreliga qadar talabgorlar bilan suv va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirish hamda talabnomaga muvofiq elektr energiyasi va suv bilan uzluksiz ta’minlash belgilangan. Biroq o‘rganishlar davomida shartnomalar to‘liq rasmiylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, suv iste’molchilari uyushmasi (SIU) tomonidan talabgorlarga suvni to‘g‘ri taqsimlashda muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan fermer xo‘jaliklariga mazkur texnologiyani joriy etish uchun imtiyozli asosda kredit ajratish ko‘zda tutilgan. Lekin resurs yo‘qligi ro‘kach qilinib, kredit ajratish hamon mavhum bo‘lib qolyapti.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘mita qarori qabul qilindi.
I.Nusratov, O‘zA