Kreativ g‘oyalar bellashuvida yoshlar o‘z salohiyatlarini namoyish etishdi
O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi hamda Sirdaryo viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi hamkorligida Sirdaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida tashkil etilgan «Kreativ tadbirkor yoshlar» forumida yoshlar o‘z g‘oya va tashabbuslarini namoyish namoyish qilishdi.
Tadbirda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, Sirdaryo viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shohista Namozova, Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi mas’ul xodimi Madina Boshmanova, Sirdaryo viloyati «Kelajak» markazi mas’ul xodimi Qobil Xolmirzayev hamda Kasbiy ta’lim agentligi mas’ul xodimi Shavkat Fayzullayevlar qatnashishdi.

Forumda yoshlarning kasbiy mahoratlarini oshirish, ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, zamonaviy kasblarni puxta egallash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va yangicha fikrlash yoshlarning kelajakda o‘z o‘rnini topishi hamda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishida muhim ahamiyatga ega.

Bellashuv davomida ishtirokchilar o‘zlari egallagan kasb va hunarlar bo‘yicha mahoratlarini namoyish etib, ijodiy ishlari, innovatsion g‘oyalari va amaliy loyihalarini taqdim qildi. Yoshlarning yangicha yondashuvlari, tashabbuskorligi va o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga bo‘lgan intilishlari forumga o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi.

Shuningdek, muloqotlar jarayonida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Forum yakunida ishtirokchilarning chiqishlari va taqdim etgan ishlanmalari natijalariga ko‘ra, Sirdaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi yoshlari birinchi, Guliston Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi yoshlari ikkinchi, Shirin energetika texnikumi yoshlari uchinchi o‘rinni egallashdi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Mazkur forum yoshlarning kasbiy mahorati va ijodiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishga rag‘batlantirish uchun samarali muloqot maydoni bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri