Oliy ta’limdagi islohotlar samara bermoqda
Bugun mamlakatimizda inson qadri, uning bilim olishi, kasb egallashi va o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
So‘nggi yillarda oliy ta’limni qamrov jihatidan kengaytirish bilan bir qatorda, uning mazmunini yangilash, ta’limni mehnat bozori ehtiyojlariga yaqinlashtirish, yangi ta’lim shakllarini joriy etish va yoshlarning kasbiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Navoiy davlat universitetida 16 839 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 13 209 nafari qizlar, 3 630 nafari o‘g‘il bolalardan iborat. Ularning 3 172 nafari grant, 13 667 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda.

– Bugungi kunda ta’limning bosqichma-bosqich davomiyligi ta’minlanmoqda. Dargohimizda yoshlar uchun oliy ma’lumot olish bilan birga, muayyan mutaxassislik bo‘yicha bilimlarni yanada chuqurlashtirish va ilmiy salohiyatini rivojlantirish imkoniyati ham mavjud, – deydi universitet rektori Muhiddin Kalonov. – Universitetda 55 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 37 ta magistratura mutaxassisligi mavjud bo‘lib, 15 855 nafar talaba bakalavriat, 984 nafar talaba magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Zamonaviy mehnat bozorida umumiy ma’lumotning o‘zi yetarli emas. Ish beruvchi aniq kasbiy ko‘nikma, tahliliy fikrlash, raqamli savodxonlik, tashabbuskorlik va o‘z sohasini chuqur bilishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan magistratura ta’limining rivojlanishi inson kapitalining sifatini oshirishga xizmat qiladi. Islohotlarning yana bir muhim jihati ta’lim olish shakllarining diversifikatsiya qilinishi. Navoiy davlat universitetida 9 547 nafar talaba kunduzgi, 3 419 nafar sirtqi, 2 059 nafar kechki, 574 nafar masofaviy va 256 nafar dual ta’lim shaklida tahsil olmoqda.

Bugungi mehnat bozori sharoitida masofaviy va dual ta’limning rivojlanishi muhim ahamiyatga ega. Dual ta’lim nazariy bilim bilan amaliy faoliyatni birlashtirsa, masofaviy ta’lim raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda ta’lim olish doirasini kengaytiradi. Bu esa “ta’lim – mehnat – amaliyot” o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish uchun muhim asos bo‘ladi.

Viloyatning sanoat, kon-metallurgiya, energetika, qurilish, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi rivojlanishi yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni doimiy ravishda oshirib bormoqda. Demak, oliy ta’lim muassasasi faqat bilim beruvchi tashkilot emas. U hududning intellektual va kadrlar bazasini shakllantiruvchi strategik instituti hisoblanadi. Universitetda bugun tahsil olayotgan talabalar esa ertangi kunda viloyat va mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida faoliyat yuritadigan mutaxassislardir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri