Korxonalarda mehnat muhofazasi kuchaytirilmoqda
Issiqlik elektr stansiyalarida mehnat muhofazasi xodimlar hayoti va sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan muhim tizim hisoblanadi. Bu sohada xavfsiz ish sharoitlarini ta’minlash, ishlab chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish hamda texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish majburiy talabdir.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Xavfsizlik texnikasi va ishonchlilik xizmati boshlig‘i Bahrom Umirov bu borada olib borilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Bugungi kunda issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 14 mingga yaqin ishchi-xodim mamlakat aholisi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Shu sababli, korxonalarda mehnat muhofazasini ta’minlash tashkilotimizning asosiy vazifasi sanaladi.

2026-yilning birinchi choragida issiqlik elektr stansiyalari va markazlari tomonidan 11,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi hamda 4,1 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi.
Ishlab chiqarish jarayonida xodimlar xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda tizim korxonalarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, baxtsiz hodisalarning oldini olish, xodimlarning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent issiqlik elektr markazida 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Ishlab chiqarish jarayonlarida jarohatlanishlarning oldini olish va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish” mavzusida o‘quv-amaliy seminarning tashkil etilishi ham shu maqsadga qaratildi.
Tadbir ikki bosqichda o‘tkazildi. Nazariy qismda mehnatni muhofaza qilish, sanoat va yong‘in xavfsizligiga oid qonunchilik asoslari, amaldagi me’yoriy hujjatlar talablari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, baxtsiz hodisalarning oldini olish, xavfsiz ish sharoitlarini tashkil etish va mehnat intizomini mustahkamlashning nazariy masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Amaliy bosqichda esa balandlikda ta’mirlash ishlarini xavfsiz tashkil etish, jarohatlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish, portlash va yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan uskunalarda olovli ishlarni xavfsiz bajarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bo‘yicha hamkorlikda o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Ta’kidlash kerakki, an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan bunday tadbirlar ishlab chiqarishda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, xodimlar mas’uliyati va hushyorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA