Korxonada ish o‘rni 5 mingtaga yetkaziladi
Sirdaryo viloyatidagi “Sirdaryo mega lyuks” qo‘shma korxonasi polipropilendan katta sig‘imli qoplar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxonada tayyorlanayotgan qoplar 500 kilogrammdan 5000 kilogrammgacha yuk ko‘tarish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi, logistika kabi ko‘plab sohalarda ularga talab yuqori.
Yettita korpusdan iborat korxonada joriy yil may oyida ikki qavatli plyonka tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Yaqin oylarda strech plyonka va spanbond texnologiyasi asosida noto‘qima mato ishlab chiqarish boshlanadi.
[gallery-4212]
Hozirda korxonada 2 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Yangi loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, ish o‘rinlari 5 mingtaga yetadi.
Korxona mahsulotlari Rossiya, Isroil, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston kabi 14 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Yangi loyihalar bilan birgalikda eksport hajmi 215 million dollarga yetkazilishi mo‘ljallangan.
Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA