Korxona salohiyati yuksalmoqda
Navoiy shahridagi “Triumf gornyak” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi “Mirtex” tikuvchilik majmuasida 18 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
Navoiy shahridagi “Triumf gornyak” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi “Mirtex” tikuvchilik majmuasida 18 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyotdagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda.
– Zamonaviy tikuv dastgohlari bilan jihozlangan majmuada mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilayotir, – deydi “Mirtex” tikuvchilik majmuasi boshlig‘i Olima Boboqulova. – Ayni paytda bolalar, erkaklar va ayollar kiyimlari tayyorlanayotgan korxonamizda 60 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Navoiy filialidan olingan 159 million so‘mlik kredit mablag‘i juda qo‘l keldi, 115 dona tikuvchilik jihozlari xarid qildik.
Korxonada buyurtma asosida maxsus kiyimlar hamda maktab formalari ham tikilmoqda. Tikuvchilarning aksariyati kollejni bitirgan yoshlardir. Joriy yil boshida ish boshlagan tikuvchilik majmuasida yil yakuniga qadar ishchilar sonini 100 nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Xususan, joriy yil kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan 7 nafar qiz bilan uch tomonlama shartnoma imzolandi.
– Xaridor talabiga mos mahsulot tayyorlash bozor raqobatining asosiy sharti bo‘lgani bois, yangicha uslub va dizayndan foydalanishga e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi tikuvchi Nilufar Fayzullayeva. – 2014-yilda Navoiy madaniyat va san’at kollejining dizaynerlik yo‘nalishini tamomlab, shu yerga ishga qabul qilindim. Bu yerda yoshlarning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit mavjud.
Joriy yilda korxona mahsulotlarini eksportga chiqarish rejalashtirilgan.