Korrupsiyaga qarshi kurashishda mahalliy Kengashlarning roli ortadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan — xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda hududlarning ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining o‘rni va ishtiroki kengayib bormoqda.

Ushbu hujjat bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining samaradorligi yanada oshiriladi. Qonun loyihasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi raisi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash faoliyatiga raislik qilishi taklif etilmoqda.
Ushbu norma korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini mustahkamlaydi. Hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashishda mahalliy Kengashlarning roli va ta’sirini kuchaytiradi.
Loyiha bilan mahalliy Kengashlarning boshqa vakolatlari faqat qonun hujjatlari bilan belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA