Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki qanday?
Namanganda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining rolini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik amaliy trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning kichik grantlar dasturi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengash raisi Kamoliddin Eshonxo‘jayev, Namangan viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Zulfiya Axmadxo‘jayeva, BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimi Fotima Turg‘unbayeva e’tirof etishganidek, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, joylarda nodavlat notijorat tashkilotlarining salohiyatini oshirish, ularning korrupsion holatlarni aniqlash va oldini olish borasidagi bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamlash davr talabiga aylanmoqda.
Trening davomida Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari mas’ullari jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari, uni amalga oshirish shakl va mexanizmlari, jamoatchilik eshituvlari va monitoringlarini tashkillashtirish, shuningdek, korrupsiya xavflarini aniqlash va davlat organlari faoliyatida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash masalalari bo‘yicha amaliy bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

– Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat organlarining vazifasi emas, balki barchaning yagona maqsadiga aylanishi kerak, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromjon Karimov. – Nodavlat notijorat tashkilotlari xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ayni shu sababli, ularning jamoatchilik nazoratini amalga oshirish sohasidagi bilimlarini oshirish hududlarda ochiqlik va adolat muhitini mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi.
Interaktiv usulda, qiziqarli bahs-munozaralar va savol-javoblar ruhida o‘tgan seminarda ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘lingan holda amaliy topshiriqlarni bajardilar. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, jamoatchilik eshituvlari va monitoringini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha real keyslar ko‘rib chiqildi.
Trening yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, olingan bilimlar kelgusida hududiy darajadagi loyiha va tashabbuslarni samarali amalga oshirishda muhim poydevor bo‘lishini ta’kidladilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri