Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchaning burchi
Barcha sohalarda halollik, adolat, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarining ustuvor bo‘lishi mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, halollik mamlakatimizda kechayotgan islohotlar davrida rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va sifat kafolati hisoblanadi.
«O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyati bosh boshqarmasiga qarashli Urgut bank xizmatlari markazida korrupsiyaning oldini olish, bank xodimlari tomonidan mansab va mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati Korrupsiyaning oldini olishni muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Sh. Ziyatov, boshqarma bosh yuriskonsulti S. Nurullayev, Urgut tumani prokurori yordamchisi B. Bo‘riyev hamda Urgut tumani ichki ishlar sohasi mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, xorijiy sarmoyadorlar faqatgina halollik va qonun ustuvorligi ta’minlangan bozorlarga investitsiya kiritadi. Adolat tamoyillari ustuvor bo‘lgan barqaror mamlakatning dunyo hamjamiyatidagi mavqei va nufuzi yuksaladi. Ayni paytda korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish iqtisodiy hamda ijtimoiy sohalarda sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltiradi. Qonunga itoatkorlik, adolat va halollikka qat’iy rioya etish har bir fuqaroning insoniylik burchidir.
Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bilan bog‘liq mavzular xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA