Korrupsiyaga qarshi kurashda OAV va fuqarolik jamiyatining roli
O‘zbekistonning barcha hududlarida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida — 26 noyabrdan 26 dekabrgacha korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mahalliy kengashlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ikki kunlik o‘quv dasturlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tashabbus Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Yevropa Ittifoqi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Treninglarda ishtirokchilar korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini qo‘llash, fuqarolar bilan samarali muloqot olib borish, OAV bilan ochiq hamkorlik hamda institutsional shaffoflik holatini baholash bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda.
– Korrupsiyaga qarshi kurash jarayonida jurnalistlar va jamoatchilikning roli hal qiluvchi ahamiyatga ega, — deydi xalqaro toifadagi mediatrener Beruniy Alimov. Chunki, OAV xavf signallarini oldindan aniqlab, jamiyatdagi noaniqliklar va turli muammolarni monitoring qilib, ularni ommaga yetkazadigan institutsional mexanizm hisoblanadi. Axborot shaffof bo‘lgan joyda korrupsiya ildiz otishi qiyinlashadi. Tashkil qilinayotgan treninglar aynan shu tizimni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Alimovning fikriga ko‘ra, hozirgi sharoitda OAV davlat idoralari va aholi o‘rtasida “ochiq muloqot ko‘prigi”, korrupsiyaviy hodisalarni erta aniqlovchi indikator, jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi sohaviy kuzatuvchi vazifasini bajaradi. Bu jarayonda jurnalistlarning bilim va ko‘nikmasini oshirish — korrupsiyaga qarshi tizimdagi eng muhim huquqiy va ijtimoiy vositalardan biri hisoblanadi.
— Korrupsiya tizimli muammo bo‘lganligi uchun u bilan kurashishda kompleks yondashuv zarur, — deydi Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Dilafruz Sufiyeva. – Respublika darajasida Senat boshchiligida, hududlarda esa xalq deputatlari mahalliy kengashlari doirasida yaratilgan kollegial organlar — ijro hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari, OAV, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyat va imkoniyatlari yagona maqsad — korrupsiyaga qarshi kurashishga birlashtiriladi.
Sufiyevaning ta’kidlashicha, treninglar korrupsiyaning turli ko‘rinishlari — yirik, maishiy, sohaviy holatlar bilan manzilli kurashishni kuchaytiradi. Shu orqali hududlarda tizimli tahlil, shaffoflik va javobgarlik muhiti yaratiladi.
— Jurnalistikada yillar davomida ishlab kelayotgan mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, korrupsiyaning ildizlari faqat huquqiy choralar bilan yo‘qolmaydi, – deydi loyihaning yana bir eksperti, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari Nozima Toshpo‘latova. — Bu jarayonda jamoatchilikning tanqidiy fikrlashi, OAVning tezkor reaksiyasi va fuqarolarning o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Korrupsiya — bu shunchaki qonunga xilof harakat emas, balki jamiyatdagi boshqaruv sifatining ko‘zgusidir. Agar fuqarolar axborotni erkin ololmasa, agar davlat idoralarining faoliyati shaffof bo‘lmasa yoki OAV savol berishdan qo‘rqsa — u holda har qanday islohot ham kutilgan samarani bermaydi.
Sanjar Toshpo‘latov O‘zA