Koronavirusga chalingan onalar go‘dagi qanday oziqlanadi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan bu yil homilador ayollarda koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari juda ko‘p uchramoqda.
Ularning ba’zilarida esa kasallik juda og‘ir o‘tmoqda.
Xo‘sh, buning asosiy sabablari nimada? Homilador ayollarda koronavirusni davolashda nimalarga e’tibor qaratish zarur? “COVID-19”ga chalingan ona go‘dagini ko‘krak suti bilan oziqlantirishi mumkinmi?
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola Solihova ushbu mavzu yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
– bugungi kunda homilador ayollarda koronavirus infeksiyasi qanday klinik ko‘rinishlarda kechishi, bu sharoitda homila o‘zini qanday his qilayotgani borasida nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda chuqur tahlillar olib borilmoqda, – deydi K.Solihova – Shu ma’noda biz ham mazkur yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarimizni xorij tajribasi bilan taqqoslab, o‘zimiz uchun tegishli xulosalar chiqarmoqdamiz.
Ta’kidlash lozimki, koronavirus juda yuqumli kasallik hisoblanib, homilador ayollarda oddiy insonlarga qaraganda uni yuqtirishga moyillik yuqori. Buning sababi esa bo‘lajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayishidir. Biroq agar ular o‘zlarini muntazam ravishda parvarish qilib borsa, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsa, kasallikdan himoyalanadilar.
Infeksiya yuqqanda boshqalarda bo‘lgani kabi homilador ayollarda ham quruq yo‘tal, mushaklarda og‘riq, haroratning ko‘tarilishi, ishtahaning yo‘qligi, holsizlik, og‘ir holatlarda esa nafas qisishi kuzatilishi mumkin. So‘nggi xulosalarga ko‘ra, koronavirus yo‘ldosh to‘sig‘i orqali o‘ta olmaydi va shu tufayli homila ushbu kasallikdan himoyalanadi. Bu jihatdan infeksiya homilador ayollar uchun grippga qaraganda kamroq xavfli hisoblanadi. Ya’ni, tug‘ilgan go‘dakka dunyoga kelganidan keyin koronavirus yuqmasa, u bola sog‘lom dunyoga keladi.
Biroq shunday bo‘lsa-da, shifokor sifatida ona bo‘lishni rejalashtirayotgan ayollarimizga homiladorlikdan avval “COVID-19”ga qarshi emlanishlarini tavsiya qilaman. Bu bilan ular nafaqat o‘zlari, balki tug‘ilajak farzandini ham koronavirus infeksiyasidan asraydi.
Ma’lumki, ona suti go‘dak uchun eng tabiiy va maqbul ozuqa hisoblanadi. Boisi, uning tarkibida chaqaloqning sog‘lom o‘sishi uchun zarur bo‘lgan barcha mikro va makro elementlardan tashqari uni turli yuqumli kasalliklardan himoyalovchi antitanachalar mavjud. Ya’ni, bu ozuqa bolada immunitet tizimining shakllanishida qatnashadi. Ona sutidagi immunoglobulinlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.
Shu bois, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalingan onaning holatiga qarab, go‘dakni emizishga ruxsat berishni tavsiya etadi. Lekin, shuni yoddan chiqarmaslik lozimki, virus onadan bolaga asosan havo-tomchi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘li orqali yuqishi bois, onalar chaqaloqlarni parvarishlash va emizish jarayonida tibbiy niqobdan foydalanishlari, uni ishlatishdan oldin va keyin qo‘llarni yaxshilab yuvishlari hamda xonadagi barcha buyumlarni xlorli eritma bilan muntazam ravishda dezinfeksiya qilishlari lozim.
Mohigul Qosimova, O‘zA