Ko‘rgazmada 17 ta ilmiy-amaliy loyiha namoyish etildi
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida “Eko-innovatsiya-2025” ekologik muammolar yechimiga bag‘ishlangan “Ekologik innovatsiyalar va ekologik madaniyat oyligi” doirasida talabalarning ilmiy-amaliy loyihalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmada filialning iqtidorli talabalari tomonidan 17 ta ilmiy-amaliy loyiha namoyish etildi. Ular orasida atrof-muhit muhofazasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, resurslarni tejash va zamonaviy ekologik texnologiyalarni qo‘llashga oid bir qator g‘oyalar ilgari surildi.

Eng qiziqarli loyihalar qatorida “Metro tunnelida hosil bo‘ladigan shamol kuchidan foydalanib muqobil elektr energiyasi olish”, “Suyuq yog‘ochdan tayyorlangan dekorativ mahsulot”, “Sochni qayta ishlash texnologiyalari”, “Quyosh panellarini chang va turli xil qoplamalardan tozalash orqali samaradorlikni oshirish”, “IoT (Internet of Things) asosida qishloq xo‘jaligi uchun aqlli sug‘orish tizimi”, “Organik chiqindilardan biogaz ishlab chiqarish uskunasi”, “Oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash jarayonini avtomatlashtirish prototipi” kabi ishlanmalar ishtirokchilar va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazma 3 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etildi va g‘oliblar aniqlandi: “Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va chiqindilarni qayta ishlash” yo‘nalishi bo‘yicha Zayniddin Jalilovning “Suyuq yog‘och”, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” yo‘nalishi bo‘yicha Usmon Berdiyevning “Metro shamolidan muqobil elektr energiyasi”, “Innovatsion ekologik texnologiyalar va qurilmalar” yo‘nalishi bo‘yicha Jasurbek Anvarovning “Tegirmon qurilmasi” loyihalari 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘oliblar diplom va maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

– Bunday tadbirlar yoshlarimizni ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka, ijodiy-tanqidiy fikrlashga, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq qilishga undaydi. Shu bilan birga, ko‘rgazmada taqdim etilgan ishlanmalarning ayrimlarini ishlab chiqarishga joriy qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va Sirdaryo viloyatida ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi filial direktori Zafar Xakimov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri