Ko‘rgazma: kundalik hayot lavhalari (+video)
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi tomonidan “Chizgilar dialogi” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.
Mazkur markaz badiiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda san’at sohasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiluvchi yetakchi muassasalardan biri hisoblanadi.
“Chizgilar dialogi” nomli ko‘rgazma markaz faoliyatining yillik hisobot tadbiri sifatida tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazma orqali Markazda amalga oshirilgan o‘quv-uslubiy, ijodiy va amaliy ishlar keng jamoatchilikka taqdim etildi. Tadbir doirasida markazning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilari tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar namoyish qilindi.
Ekspozitsiyada tasviriy san’atning rangtasvir yo‘nalishida realizm va avangard uslubida yaratilgan ijodiy ishlar o‘rin olgan. Har bir asarda mualliflarning individual uslubi, badiiy tafakkuri va zamonaviy san’atga bo‘lgan qarashlari o‘z ifodasini topgan.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan jami 42 ta maishiy, manzara, portret va avangard janrlarida yaratilgan asarlar o‘rin olgan bo‘lib, ularda mualliflarning kundalik hayot lavhalari, tabiat go‘zalligi va inson qalbining nozik kechinmalari badiiy talqinda aks ettirilgan. Har bir asar o‘ziga xos kompozitsion yechim, ranglar uyg‘unligi va individual ijodiy yondashuvi bilan ajralib turadi.
Ko‘rgazma nafaqat hisobot xarakteriga ega, balki tajriba almashish, yangi g‘oyalar va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun ham muhim maydon vazifasini o‘taydi.
[gallery-27901]
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tashabbus mamlakatimizda badiiy ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlarning professional ijodiy salohiyatini yuksaltirish hamda milliy san’at an’analarini zamonaviy talqinlarda rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qFalsA8fF0c" title="Ko`rgazma: kundalik hayot lavhalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulnoza Boboyeva,
O‘ktam Hayitov (surat),
Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj),
O‘zA