Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi
Bugungi kunda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar soni ortib borayotgan bir paytda ayrim kimsalar ana shu vaziyatdan noqonuniy manfaat ko‘rishga urinmoqda. Afsuski, oson va tez ish topib berish va’dalarini berib, odamlarning ishonchi va orzularidan foydalanishga harakat qilayotgan firibgarlar ham uchrab turibdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunday qonunbuzarliklarning oldini olish va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.
Ana shunday tezkor tadbirlardan biri Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qprshi kurashish departamentining Buxoro viloyat boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbir davomida fuqaro N.J. o‘zini yuqori imkoniyatlarga ega shaxs sifatida ko‘rsatib, Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali bir fuqaroni Koreya Respublikasiga ishga jo‘natib berishni va’da qilgani ma’lum bo‘ldi. U mazkur xizmat evaziga 7 ming AQSH dollari talab qilib, pul mablag‘ini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, ushbu shaxs xorijda mehnat qilish istagida bo‘lgan fuqaroning ishonchini suiiste’mol qilib, qonunga zid ravishda moddiy manfaat orttirishni ko‘zlagan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 va 168-moddalari (firibgarlik), shuningdek, 28 va 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni vaqtda holatning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bo‘yicha xizmatlardan faqat rasmiy va litsenziyaga ega tashkilotlar orqali foydalanishga, turli vositachilarning asossiz va’dalarga boy takliflariga ishonmaslikka chaqirmoqda.
Qonuniy yo‘l bilan hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalarni noqonuniy usullarda amalga oshirishga urinish nafaqat moddiy zarar, balki og‘ir huquqiy oqibatlarga ham olib keladi. Shu bois har bir fuqaro hushyorlikni saqlashi, xorijda ishlash bilan bog‘liq masalalarda faqat rasmiy manbalarga tayanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri