Koreya bilan raqamli hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo-yung boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistanga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlarga O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, elektron hukumat tizimi, IT Park ekotizimi, IT xizmatlari eksporti, startaplar muhiti, inson kapitali salohiyati va sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Delegatsiyaga elektron davlat xizmatlarini joriy etish bosqichlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, raqamli hujjatlar tizimi va data-markazlar infratuzilmasi bo‘yicha ma’lumot berildi. Shuningdek, BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari izchil yaxshilanib borayotgani qayd etildi.
Shundan so‘ng raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Yun Xo-yung o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasida shakllangan mustahkam hamkorlik munosabatlari, ayniqsa elektron hukumat, kiberxavfsizlik, R&D va ta’lim sohalaridagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Koreyaning yetakchi IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, ularning faoliyatini kengaytirish va mamlakatimizni uchinchi davlatlar bozoriga chiqish uchun mintaqaviy IT xab sifatida rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvda Cyber University faoliyati, uni ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar markaziga aylantirish rejalari, shuningdek, sun’iy intellekt, data-markazlar va o‘yinlar industriyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Yakunda ikki tomon ishtirokida Raqamli hukumat hamkorlik markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Qayd etilishicha, mazkur markaz Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish, bilim va tajriba almashish hamda raqamli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA